Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarini tashqi boshqaruvga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 18-sentabr kuni Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda o‘tkazilgan Davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha birinchi xalqaro forumda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-sentabr holatiga O‘zbekistonning valyuta va oltin zaxiralari $72 mlrd ni tashkil etgan. Bu mamlakat importini bir yildan ortiq muddat qoplash imkonini beradi. Jahon Oltin Kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarim yillikda mamlakat oltin zaxiralarini qariyb 50 tonnaga oshirgan. Bu dunyo markaziy banklari orasidagi eng yirik ikkinchi o‘sish hisoblanadi.
Ishmetov O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlat ekanini, shu sababli ushbu metall an’anaviy ravishda zaxiralarning katta qismini tashkil etishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Markaziy bank portfel tarkibini bosqichma-bosqich kengaytirmoqda: 2020-yilda regulyator Jahon bankining zaxiralarni maslahatlashish va boshqarish bo‘yicha hamkorlik dasturiga qo‘shilgan, 2024-yilda esa ilk bor AQSH g‘aznachilik obligatsiyalarini xarid qilgan.
“Biz aktivlar turlari, valyutalar va kontragentlar bo‘yicha yanada diversifikatsiya qilish yo‘lidan borishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Markaziy bank raisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qarorlar qabul qilishda regulyator faqat o‘z baholariga tayanmoqchi emas. Yo‘nalishlardan biri portfelning bir qismini tashqi boshqaruvga berish bo‘ladi. Bu Markaziy bank mutaxassislariga dunyoning yetakchi mutaxassislari bilan birga ishlash va ularning tajribasini o‘zlashtirish imkonini beradi.
Ishmetov jahon rasmiy zaxiralari tarkibidagi o‘zgarishlarni ham qayd etdi. WGC’ning so‘nggi so‘roviga ko‘ra, markaziy banklarning 89% i dunyo oltin zaxiralari oshishini kutmoqda, 45% i esa o‘z zaxiralarini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, respondentlarning to‘rtdan uch qismi kelgusi besh yil ichida jahon zaxiralarida dollar ulushi kamayishini kutmoqda.
2025-yil oxiriga kelib, markaziy banklar zaxiralarida oltin qiymat jihatidan AQSh g‘aznachilik obligatsiyalaridan o‘zib ketgan.
Keyingi strategiya haqida gapirar ekan, Markaziy bank raisi hozircha yakuniy javob topilmagan uchta masalani ajratib ko‘rsatdi:
- davlat balansida bitta aktivning konsentratsiyasi qanchalik yuqori bo‘lishi mumkin;
- zaxiralar barqarorligini amalda qanday ta’minlash kerak;
- aktivlar o‘rtasidagi odatiy bog‘liqliklar o‘zgargan sharoitda ularning strategik tarkibi qanday bo‘lishi kerak.
“Bu uchala masala bo‘yicha ham o‘z qarashlarimiz bor. Ammo ularning birortasiga ham hozircha yakuniy javobimiz yo‘q”, — dedi Ishmetov.
Avvalroq Spot O‘zbekiston banklari yarim yil ichida 461 mlrd so‘mlik 18 mln ta firibgarlik operatsiyasining oldini olgani haqida yozgandi.