Qashqadaryoning Qamashi tumanida yashovchi Gulzor Barotova kurka boqishni bir dona parrandadan boshlagan. Keyin uni 1,5 mln so‘mga sotgan. Bugun uning tajribasi haqidagi “Mening Tomorqam” soni YouTube sahifasida 464 ming dan ortiq ko‘rilib, ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan. Bunday hikoyalar o‘z hovlisida nima qilishni o‘ylayotgan boshqalar uchun foydali bo‘lmoqda.

Agrobank tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan loyihada turli hududlardagi odamlar tomorqasini ko‘rsatib, o‘z ish faoliyatini boshqalarga sodda tilda tushuntirib beradi. Biri parrandachilik, boshqasi gulchilik, yana biri baliq yoki qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Tomoshabin uchun bu — o‘zi qiziqqan ishni allaqachon qilib ko‘rgan odamning tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati.

Masalan, uchinchi mavsumning ilk sonida qatnashgan ohangaronlik Dilshod Po‘latov xonadonidagi 10 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etib, unda 10 ming dan ortiq qulupnay ko‘chatlarini parvarish qilmoqda. Uning aytishicha, qulupnaychilikka qiziqishi “Mening Tomorqam” ko‘rsatuvini tomosha qilgach paydo bo‘lgan.

Loyihaning uchinchi mavsumi aynan 2026-yil bahorida boshlandi. Bugungi kungacha mavsum davomida o‘zbekistonliklarga 17 ta son taqdim qilindi. Shu paytga qadar “Mening Tomorqam” loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda 100 mln ga yaqin ko‘rishlar yig‘ib, mamlakat aholisining katta qismida qiziqish uyg‘ota oldi.

Agrobank tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan loyihaning o‘ziga xos jihati tomorqachilik imkoniyatlarini odamlarning hayotiy hikoyalari orqali ko‘rsatishidir. Qahramonlar o‘z ishini qanday boshlagani, qanday qiyinchiliklardan o‘tgani va nimaga erishgani haqida real keyslar bilan gapirib beradi.

Eng ko‘p qiziqish uyg‘otgan hikoyalardan yana biri — namanganlik Ma’rifat Madg‘oziyevaniki. Mingbuloqda yashovchi qahramon o‘z xonadonida bir necha xil tovuq boqadi. Uning aytishicha, bir oyda 20 ming ta jo‘ja sotiladi.

Ko‘rsatuv davomida u xo‘jaligi tovuq va parrandachilik mahsulotlarini O‘zbekistonning turli hududlari, Qozog‘iston va Tojikistonga ham yetkazib berishini aytgan.

Ma’rifat opaning hikoyasida hovlida boshlangan kichkina ish qanchalik kengayishi mumkinligi ko‘rinadi. Uning o‘zi bu natijaning ortidagi mehnatni bir jumla bilan ifodalaydi: “Hammasi harakatdan”.

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi Rustam Mivanchenov esa ikki sotix maydonda veshenka qo‘ziqorini yetishtiradi. Ko‘rsatuvda u yiliga besh marta hosil olishini, qo‘ziqorin konservasi tayyorlashi va kelajakda ferma ochish niyati borligini aytgan.

Rustam akaning tajribasi tomoshabinlarda qo‘ziqorinchilikka qiziqish uyg‘otganini izohlardan ham ko‘rish mumkin. Ayrimlar u bilan bog‘lanish uchun telefon raqamini so‘ragan, boshqalar esa o‘quv kurslari tashkil etishni taklif qilib, borib o‘rganishga tayyorligini bildirgan. Shu tariqa bir xonadondagi tajriba boshqalarda ham o‘z imkoniyatini sinab ko‘rish istagini uyg‘otgan.

Agrobank “Mening Tomorqam” orqali bu tajribalarni bir joyga jamlab, ommaga taqdim etib kelmoqda. Hovlisida ish boshlashni o‘ylayotgan odam ko‘rsatuvlar orqali o‘z savollariga javob olishi, jarayon bilan yaqindan tanishishi mumkin.

Reklama huquqlari asosida.