Qozog‘iston 11 ta davlat bilan transchegaraviy to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Central Asia FinTech Summit tadbiri doirasida Qozog‘iston Milliy banki raisi o‘rinbosari Binur Jalenov Kazinform muxbirining savoliga javoban ma’lum qildi.

Binur Jalenovning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha Xitoy bilan bunday mexanizm amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda va ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha allaqachon amaliy kelishuvlar imzolangan.

“Hozirda biz 11 ta davlat bilan transchegaraviy to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. Bular Xitoy, Hindiston, BAA, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va boshqa davlatlar. Xitoy yo‘nalishida tizim yil oxirigacha amalda ishlay boshlashiga umid qilmoqdamiz”, — dedi Binur Jalenov.

Qayd etilishicha, qolgan davlatlar bilan esa tizim bosqichma-bosqich, taxminan kelasi yil o‘rtalarigacha ishga tushiriladi.

Yangi mexanizm qozog‘istonliklarga xorijda odatdagi bank ilovasi va QR-kod orqali xaridlar uchun to‘lov qilish imkonini beradi.

“Masalan, siz Xitoydasiz, u yerda QR-kod hosil qilinadi. Siz odatdagi bank ilovangiz orqali uni skaner qilasiz va to‘lov avtomatik amalga oshadi. Xitoy fuqarolari bizga kelganida ham xuddi shunday bo‘ladi”, — deya tushuntirdi Milliy bank raisi o‘rinbosari.

Bunda bunday operatsiyalar uchun komissiya miqdorini banklarning o‘zi belgilaydi. “Komissiya miqdori har doim bank ixtiyorida qoladi. Biz banklarning mijozlari uchun belgilaydigan komissiyalarini tartibga solmaymiz”, — dedi Jalenov.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 265 mingdan ortiq tadbirkor yagona QR-kodga ulangani haqida yozgandi.

Markaziy bank sog‘lom raqobat tarafdori ekanini hamda banklar va to‘lov servislarining QR-kodlaridan majburiy voz kechishga qarshi ekanini ma‘lum qildi.