O‘zbekistonda 265 mingdan ortiq tadbirkor yagona to‘lov QR-kodi (UzQR) tizimiga ulandi. Bu haqda Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov Spot‘ga ma‘lum qildi.
1-iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun yagona QR-kodga ega bo‘lish majburiy etib belgilandi. Shu bilan birga, so‘nggi haftalarda ommaviy axborot vositalarida, jumladan, Spot‘da ham tadbirkorlarni Click, Payme, Uzum Bank va boshqa servislar QR-kodlarini olib tashlab, faqat UzQRni qoldirishga majburlash holatlari haqida xabarlar berildi. Keyinroq Soliq qo‘mitasi faqat yagona QR-kodning mavjudligi shart ekanini, boshqa to‘lov usullaridan foydalanish esa ixtiyoriy bo‘lib qolishini bayon qildi.
Usmanovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bankning pozitsiyasi boshidanoq UzQR‘ning joriy etilishi banklar va to‘lov servislarining o‘zaro raqobatini cheklamasligi kerakligidan iborat bo‘lgan. Yagona QR-kodni joylashtirish majburiydir, biroq tadbirkorlar bir vaqtning o‘zida Click, Payme, Uzum Bank va boshqa banklar yoki to‘lov tashkilotlarining QR-kodlaridan ham foydalanishlari mumkin.
“Biz boshidanoq Markaziy bank va tijorat banklari hech kimni boshqa yechimlarni olib tashlashga majburlamasligini hammaga ma‘lum qilganmiz. […] Biz sog‘lom raqobat tarafdorimiz”, — dedi Usmanov.
Uning ta‘kidlashicha, UzQR‘ning asosiy vazifasi — xaridorlar uchun to‘lov jarayonini yana-da qulaylashtirish. Agar ilgari mijoz o‘z banki yoki to‘lov servisining QR-kodini qidirishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endi har qanday qo‘llab-quvvatlanadigan ilovani ochib, yagona kodni skanerlashning o‘zi kifoya.
Usmonov, shuningdek, loyiha ishga tushirilgandan buyon 265 mingdan ortiq yuridik shaxs yagona QR-kodni o‘rnatganini ma‘lum qildi. Markaziy bank foydalanuvchilar va biznes uning qulayligi hamda xizmat ko‘rsatish narxi arzonligini baholagani sayin yangi tizimning ommalashib borishini kutmoqda.
Yagona QR-kod
UzQR — O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan yagona to‘lov QR-kodi. 2025-yil dekabrda prezident uni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan va 2026-yil 1-iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun bunday kodning mavjudligi majburiy bo‘ldi. Endilikda uning yo‘qligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
Agar hozir kassada bir vaqtning o‘zida turli xizmatlarning bir nechta QR-kodlari turishi mumkin bo‘lsa, UzQR g‘oyasi ularni bosqichma-bosqich bitta universal kod bilan almashtirishdan iborat. Xaridor sotuvchi qaysi xizmatdan foydalanishini o‘ylab o‘tirishiga hojat yo‘q — o‘ziga qulay ilovani ochib, to‘lovni amalga oshirsa kifoya. Pul tadbirkorning hisobvarag‘iga, qoida tariqasida, bir ish kuni ichida kelib tushadi.
Hozircha tizim faqat milliy to‘lov tizimlari — UZCARD va HUMO kartalari bilan ishlaydi. Agar to‘lov faqat Visa yoki Mastercard‘ga bog‘langan bo‘lsa, UzQR‘dan foydalanib bo‘lmaydi.
Komissiyalar alohida masaladir. Ayrim banklar va to‘lov xizmatlari operatsiyalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z shartlarini belgilashi mumkin, shu sababli ba‘zi hollarda foydalanuvchilar to‘lov paytida qo‘shimcha yig‘imlarga duch kelishi mumkin.
UzQR‘ning rasmiy tarifi — to‘lov summasining 0,65% ini tashkil etadi va u faqat sotuvchidan undiriladi. Komissiya tranzaksiyaning barcha ishtirokchilari o‘rtasida quyidagicha taqsimlanadi:
- UzQR operatori (MUNIS) — 0,2%
- QR-hisob-kitob amalga oshiriladigan servis — 0,15%
- To‘lov tizimi (Uzcard/Humo) — 0,1%
- Sotuvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bank (ekvayer bank) — 0,1%
- Karta emitenti banki — 0,05%
- To‘lovchining banki — 0,05%
Shu bilan birga, yakuniy komissiya tadbirkorlik subyekti ulangan bankka bog‘liq. Bank-ekvayer umumiy tarifdan qat‘iy belgilangan 0,1% ni oladi, biroq mijozlar uchun o‘z shartlarini belgilashi mumkin. Masalan, Ipak Yo‘li banki standart 0,65% dan pastroq — 0,25% lik stavkani taklif qilmoqda. Ulanishdan oldin bir nechta bankning shartlarini taqqoslash tavsiya etiladi.
Xaridorlar uchun komissiya alohida masaladir. Tizimning rasmiy qoidalarida bu ko‘zda tutilmagan, biroq ayrim banklar va to‘lov xizmatlari o‘z tashabbusi bilan alohida yig‘imlarni joriy etishi mumkin. Markaziy bank bu masala tartibga solinish jarayonida ekanini ma‘lum qildi.
UzQR‘ga ulanish hamma joyda bepul: buning uchun bankka murojaat qilish, hisobvaraq ochish va ariza topshirish kerak. QR-kod kassaga joylashtiriladi yoki telefondan ko‘rsatiladi hamda istalgan bank ilovasi yoxud to‘lov xizmati orqali ishlaydi.
Spot, avvaloq, Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligi haqida yozgandi.