Tadbirkorlar yagona QR-kod bilan bir qatorda boshqa to‘lov QR-kodlaridan ham foydalanishi mumkin. Bu haqda Spot‘ga Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

1-iyuldan boshlab har bir savdo shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish tashkiloti yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilishi shart. Endi usiz ishlash mumkin emas va kodning yo‘qligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.

Markaziy bankning tushuntirishicha, yagona QR-kod boshqa QR-kodlarni bekor qilmaydi — davlat reyestriga kiritilgan to‘lov xizmatlaridan tadbirkorning ixtiyoriga ko‘ra foydalanishda davom etish mumkin. Yagona QR-kod orqali to‘lov qilinganda, sotuvchi onlayn nazorat-kassa mashinasi orqali fiskal chek berishi shart.

“Yagona QR-kod istalgan ilova orqali to‘lov qilish imkonini berishi uchun, shunchaki qulaylik maqsadida yaratilgan. Axir hamma ham bir vaqtning o‘zida barcha ilovalardan foydalanavermaydi. Yagona QR-kod yordamida esa ularning istalgan biri orqali to‘lovni amalga oshirish mumkin. U boshqa ilovalarga, to‘lov xizmatlariga yoki banklarning QR-kodlariga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaydi”, — deya izoh berdi Markaziy bank.

Bundan tashqari, Markaziy bank tadbirkorlar uchun yagona QR-kodning moliyaviy afzalliklariga e‘tibor qaratdi: u orqali to‘lov amalga oshirilganda komissiya atigi 0,65% ni tashkil etadi.

Spot muxbiri Markaziy bankning koll-markaziga ham murojaat qildi. U yerda regulyator yagona QR-kod ishga tushirilgach, tadbirkorlardan to‘lov xizmatlarining individual QR-kodlarini olib tashlashni talab qilmasligini tasdiqlashdi.

Yagona QR-kod

UzQR — O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan yagona to‘lov QR-kodi. 2025-yil dekabrda prezident uni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan va 2026-yil 1-iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun bunday kodning mavjudligi majburiy bo‘ldi. Endilikda uning yo‘qligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.

Agar hozir kassada bir vaqtning o‘zida turli xizmatlarning bir nechta QR-kodlari turishi mumkin bo‘lsa, UzQR g‘oyasi ularni bosqichma-bosqich bitta universal kod bilan almashtirishdan iborat. Xaridor sotuvchi qaysi xizmatdan foydalanishini o‘ylab o‘tirishiga hojat yo‘q — o‘ziga qulay ilovani ochib, to‘lovni amalga oshirsa kifoya. Pul tadbirkorning hisobvarag‘iga, qoida tariqasida, bir ish kuni ichida kelib tushadi.

Hozircha tizim faqat milliy to‘lov tizimlari — UZCARD va HUMO kartalari bilan ishlaydi. Agar to‘lov faqat Visa yoki Mastercard‘ga bog‘langan bo‘lsa, UzQR‘dan foydalanib bo‘lmaydi.

Komissiyalar alohida masaladir. Ayrim banklar va to‘lov xizmatlari operatsiyalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z shartlarini belgilashi mumkin, shu sababli ba‘zi hollarda foydalanuvchilar to‘lov paytida qo‘shimcha yig‘imlarga duch kelishi mumkin.

UzQR‘ning rasmiy tarifi — to‘lov summasining 0,65% ini tashkil etadi va u faqat sotuvchidan undiriladi. Komissiya tranzaksiyaning barcha ishtirokchilari o‘rtasida quyidagicha taqsimlanadi:

  • UzQR operatori (MUNIS) — 0,2%
  • QR-hisob-kitob amalga oshiriladigan servis — 0,15%
  • To‘lov tizimi (Uzcard/Humo) — 0,1%
  • Sotuvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bank (ekvayer bank) — 0,1%
  • Karta emitenti banki — 0,05%
  • To‘lovchining banki — 0,05%

Shu bilan birga, yakuniy komissiya tadbirkorlik subyekti ulangan bankka bog‘liq. Bank-ekvayer umumiy tarifdan qat‘iy belgilangan 0,1% ni oladi, biroq mijozlar uchun o‘z shartlarini belgilashi mumkin. Masalan, Ipak Yo‘li banki standart 0,65% dan pastroq — 0,25% lik stavkani taklif qilmoqda. Ulanishdan oldin bir nechta bankning shartlarini taqqoslash tavsiya etiladi.

Xaridorlar uchun komissiya alohida masaladir. Tizimning rasmiy qoidalarida bu ko‘zda tutilmagan, biroq ayrim banklar va to‘lov xizmatlari o‘z tashabbusi bilan alohida yig‘imlarni joriy etishi mumkin. Markaziy bank bu masala tartibga solinish jarayonida ekanini ma‘lum qildi.

UzQR‘ga ulanish hamma joyda bepul: buning uchun bankka murojaat qilish, hisobvaraq ochish va ariza topshirish kerak. QR-kod kassaga joylashtiriladi yoki telefondan ko‘rsatiladi hamda istalgan bank ilovasi yoxud to‘lov xizmati orqali ishlaydi.

Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi banklardan omonatlar va yirik P2P-o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni olmoqchi ekani haqida yozgandi.