Markaziy bank UzQR yagona milliy QR-kod tizimining ishlash mexanizmi va unda qo‘llaniladigan komissiyalar bo‘yicha tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, tizim mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish, savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari xarajatlarini kamaytirish hamda yagona milliy to‘lov infratuzilmasini shakllantirish maqsadida joriy etilmoqda.

UzQR orqali xaridorlar istalgan bank yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasi yordamida yagona QR-kod orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Bu esa tadbirkorlarga turli to‘lov xizmatlarining alohida QR-kodlari va yechimlarini saqlab turish zaruratini bartaraf etadi.

Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, tizim orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar uchun umumiy komissiya 0,65% etib belgilangan. Ushbu mablag‘ to‘lov jarayonida ishtirok etuvchi ekvayer va emitent banklar, Uzcard va Humo to‘lov tizimlari, QR-kod operatori hamda to‘lov amalga oshiriladigan mobil ilovalar o‘rtasida taqsimlanadi.

Regulyatorning ta‘kidlashicha, UzQR bo‘yicha belgilangan 0,65%lik tarif hozirda bozorda QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish uchun qo‘llanilayotgan 1−3%lik komissiyalardan sezilarli darajada past.

Shuningdek, Markaziy bank rasmiy tarifda to‘lovchi, ya‘ni iste‘molchidan komissiya undirish nazarda tutilmaganini qayd etdi.

Ayrim hollarda kuzatilayotgan qo‘shimcha yig‘imlar UzQR tizimining rasmiy tarifi hisoblanmaydi va ayrim ishtirokchilar tomonidan mustaqil ravishda joriy etilgan.

Markaziy bankka ko‘ra, tizimdagi tariflar har bir ishtirokchining vazifalari va xarajatlaridan kelib chiqib shakllantirilgan.

Yagona QR-kod tizimi mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, to‘lov xizmatlari bozorida yagona standartlarni joriy etish hamda milliy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Spot, avvalroq, telefon raqami orqali bank hisobvaraqlari o‘rtasidagi o‘tkazmalar qanday ishlashi haqida yozgandi.