O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilishga mo‘ljallangan yagona QR-kod ishga tushdi. Spot muxbiri turli to‘lov tizimlaridan foydalanib to‘lovni amalga oshirib, bunga shaxsan ishonch hosil qildi.
2025-yil dekabr oyida prezident yagona to‘lov QR-kodlarini joriy etishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan edi. 1-iyuldan boshlab savdo va servis tashkilotlari uchun QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi, uning mavjud emasligi esa savdo qoidalarining buzilishi sifatida baholanadi. Aprel oyida Markaziy bank yagona QR-kodlar yordamida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqladi.
Yagona QR-kodlar tizimi UzQR deb nomlandi. Bu haqdagi ma‘lumotni Spot‘ga Markaziy bank matbuot xizmati tasdiqladi.
So‘nggi paytlarda mahalliy banklar yagona QR-kod mavzusida nashrlar e‘lon qilib, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun o‘z mahsulotlarini taklif qila boshladi. Tadbirkorlarni tizimga ulash va yagona QR-kod chiqarish bepul asosda amalga oshiriladi. Buning uchun bankka murojaat qilish, unda hisobvaraq ochish va ariza to‘ldirish talab etiladi.
Yagona QR-kodning asosiy xususiyati — istalgan bank ilovasi yoki to‘lov servisi orqali to‘lash imkoniyatining mavjudligidir. QR-kodning o‘zini kassaga, peshtaxtaga joylashtirish yoki telefondan ko‘rsatish kerak. Tizim Humo va Uzcard milliy to‘lov tizimlari kartalari bilan ishlaydi.
Banklar sanab o‘tgan tizimning afzalliklari orasida quyidagilar bor:
- to‘lovni terminalsiz qabul qilish imkoniyati;
- mobil ilova orqali to‘lov qilinishi tufayli mijozlar uchun qulaylik;
- bir nechta QR-kod va to‘lov yechimlariga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish;
- mablag‘larning 24 soat ichida hisob-kitob raqamiga kelib tushishi;
- to‘lovlar ustidan nazorat jarayonini soddalashtirish.
To‘lov vaqtida xaridordan 1%, sotuvchidan esa tranzaksiya summasining 0,65% miqdorida komissiya undiriladi. Shunday qilib, umumiy komissiya kamida 1,65% ni tashkil etadi.
Spot ma‘lumotlariga ko‘ra, yagona QR-kod tizimining operatori sifatida Markaziy bankning Hisob-kitoblar kliring tizimi — MUNIS faoliyat yuritadi. Merchant to‘laydigan komissiyadan ekvayer-bank 0,1% ini o‘zida olib qolib, qolgan 0,55% ini MUNISga o‘tkazib beradi.
So‘ngra mablag‘lar zanjir ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi: MUNISning ulushi 0,2%, Uzcard va Humo‘niki esa birgalikda 0,15% ni tashkil qiladi. To‘lovchi bankning komissiya hajmi to‘lovni boshlash usuliga bog‘liq: agar u to‘lov tashkiloti orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, bank 0,05% oladi; agar bankning o‘zi to‘lov tashabbuskori bo‘lsa, uning ulushi 0,2% ga teng bo‘ladi.
Shu bilan birga, bevosita xaridordan undiriladigan 1% lik komissiya qayerga yo‘naltirilishi masalasi noaniqligicha qolmoqda. Spot ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda uni butunlay bekor qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Yagona QR-kodlar yordamida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga muvofiq, tizim doirasidagi xizmatlar narxi ishtirokchilar bilan kelishilgan holda operator tomonidan belgilanadi. Tariflar va ulardagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar tasdiqlangandan so‘ng 3 ish kuni ichida operatorning saytida e‘lon qilinishi shart.
Bunda operator xizmatlar uchun tariflar o‘zgarganligi to‘g‘risida ular kuchga kirishidan kamida 15 ish kuni oldin Markaziy bankni xabardor qilishi lozim. Xuddi shunday talab texnik hujjatlardagi o‘zgartirishlar uchun ham amal qiladi.
Spot Paynet to‘lov tashkiloti saytida yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ofertani topdi. Unda aytilishicha, servis 0,65% miqdoridagi mukofot evaziga to‘lovchidan merchant foydasiga to‘lovlarni qabul qilish xizmatini taqdim etadi. Bunda to‘lovchi Paynet tizimiga ulangan banklar va to‘lov ilovalari orqali yagona QR-kod bo‘yicha to‘lovni amalga oshiradi. Uch ish kuni ichida sotuvchi o‘z hisob raqamiga mukofot va bekor qilingan to‘lovlar chegirib tashlangan holda to‘lovlar summasini qabul qilib oladi.
Spot, avvalroq, fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichga ega banklar ochiq e’lon qilinishi haqida yozgandi.