2027-yil 1-yanvardan Misrga kirish vizasi narxi oshadi. Bu haqda Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) Misr Turistik kompaniyalar va turagentliklar palatasi sirkulyariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, viza narxi $30 dan $33 gacha (Markaziy bank kursi bo‘yicha 354 ming so‘mdan 389 ming so‘mgacha) oshadi.
2027-yil boshidagi $33 lik tarif 2026-yildagi oshishdan keyingi navbatdagi ko‘tarilish hisoblanadi. Joriy yil 1-martdan uning narxi $25 dan $30 gacha oshirilgandi.
Hujjatga ko‘ra, $33 miqdoridagi viza to‘loviga xizmat ko‘rsatish, rasmiylashtirish va bank komissiyalari uchun yana $6 qo‘shiladi.
Biroq bu to‘lov vizani rasmiylashtirishning barcha usullariga yoki faqat hozirda Qohira aeroportida rasmiylashtiriladigan elektron vizaga taalluqli ekani aniqlashtirilmagan.
ATOR keltirgan Ahraminfo ma’lumotlariga ko‘ra, oddiy viza narxi $33 gacha, Qohirada rasmiylashtiriladigan raqamli viza esa $39 gacha oshadi.
Sharm ash-Shayxga keladigan turistlar uchun esa 15 kunlik vizasiz rejim saqlanib qoladi. Biroq hududni tark etilsa, viza uchun to‘lov qilishga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilgani haqida yozgandi.