O‘zbekistondagi savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari Click, Payme va Uzum Bank kabi to‘lov tizimlari hamda banklarning individual QR-kodlarini olib tashlab, faqat yagona QR-kodni qoldirishga majburlanmoqda. Bu haqda Spot‘ga bir-biridan mustaqil bir nechta manba xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bunga soliq idoralari xodimlari aloqador bo‘lishi mumkin.
Spot Payme to‘lov tashkilotiga murojaat qilganida, u yerda savdogarlarda o‘zlarining QR-kodlari yo‘qolib qolayotgani bo‘yicha alohida holatlar qayd etilayotganini tasdiqlashdi, biroq bularni yakka holatlar deb atashdi. Kompaniya davlat organlaridan hech qanday rasmiy xat yoki ko‘rsatma olmagan.
Payme bosh direktori Stanislav Skvirskiyning fikricha, ayrim tadbirkorlar yangi talablarni noto‘g‘ri talqin qilib, qonun talab qilmasa-da, avval joylashtirilgan QR-kodlarni o‘zlari olib tashlayotgan bo‘lishi mumkin.
“Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi PF-246-sonli farmoni UzQR bilan bir qatorda boshqa QR-kodlardan foydalanishni taqiqlamaydi. Aksincha, naqd pulsiz to‘lovning bir nechta usuli mavjudligi xaridorlar uchun to‘lov jarayonini yana-da qulaylashtiradi. Payme statistik ma‘lumotlariga ko‘ra, mijozlarga ko‘proq to‘lov usullarini taklif qiladigan tadbirkorlar, odatda, yuqoriroq daromad oladi. Shu sababli, biznes uchun xaridorlarga to‘lov usullarining imkon qadar keng tanlovini taqdim etish eng maqbul yechim bo‘lib qolmoqda”, — deya ta‘kidladi u.
Spot shu hafta davomida Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga bir necha bor so‘rov yubordi, biroq material e‘lon qilinayotgan vaqtda tahririyat javob olmadi.
Shu hafta Markaziy bank ham Spot‘ga yagona QR-kod boshqa to‘lov QR-kodlarini bekor qilmasligini tasdiqladi — davlat reyestriga kiritilgan to‘lov tizimlaridan tadbirkorning ixtiyoriga ko‘ra foydalanishda davom etilishi mumkin. Markaziy bankning koll-markazi ham qo‘shimcha tarzda tasdiqlashicha, regulyator tadbirkorlardan individual QR-kodlarni olib tashlashni talab qilmaydi.
“U [yagona QR-kod] boshqa ilovalarga, boshqa to‘lov tizimlariga yoki boshqa banklarning QR-kodlariga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaydi”, — deya tushuntirish berdi regulyator.
Kun.uz Markaziy bankka tayanib yozishicha, amaldagi barcha to‘lov usullari, jumladan, naqd pul va bank kartalari saqlanib qoladi. O‘z navbatida, boshqa tizimlarning QR-kodlarini olib tashlash talabi qonunchilikka ziddir.
1-iyuldan boshlab har bir savdo shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish tashkiloti yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilishi shart. Endi usiz ishlash mumkin emas va kodning yo‘qligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
Spot qanday to‘lov QR-kodlari mavjudligi, ularning bir-biridan nima bilan farq qilishi va oddiy xaridor uchun bu qanchaga tushishini o‘rganib chiqdi.
Yagona QR-kod
UzQR — O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan yagona to‘lov QR-kodi. 2025-yil dekabrda prezident uni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan va 2026-yil 1-iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun bunday kodning mavjudligi majburiy bo‘ldi. Endilikda uning yo‘qligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
Agar hozir kassada bir vaqtning o‘zida turli xizmatlarning bir nechta QR-kodlari turishi mumkin bo‘lsa, UzQR g‘oyasi ularni bosqichma-bosqich bitta universal kod bilan almashtirishdan iborat. Xaridor sotuvchi qaysi xizmatdan foydalanishini o‘ylab o‘tirishiga hojat yo‘q — o‘ziga qulay ilovani ochib, to‘lovni amalga oshirsa kifoya. Pul tadbirkorning hisobvarag‘iga, qoida tariqasida, bir ish kuni ichida kelib tushadi.
Hozircha tizim faqat milliy to‘lov tizimlari — UZCARD va HUMO kartalari bilan ishlaydi. Agar to‘lov faqat Visa yoki Mastercard‘ga bog‘langan bo‘lsa, UzQR‘dan foydalanib bo‘lmaydi.
Komissiyalar alohida masaladir. Ayrim banklar va to‘lov xizmatlari operatsiyalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z shartlarini belgilashi mumkin, shu sababli ba‘zi hollarda foydalanuvchilar to‘lov paytida qo‘shimcha yig‘imlarga duch kelishi mumkin.
UzQR‘ning rasmiy tarifi — to‘lov summasining 0,65% ini tashkil etadi va u faqat sotuvchidan undiriladi. Komissiya tranzaksiyaning barcha ishtirokchilari o‘rtasida quyidagicha taqsimlanadi:
- UzQR operatori (MUNIS) — 0,2%
- QR-hisob-kitob amalga oshiriladigan servis — 0,15%
- To‘lov tizimi (Uzcard/Humo) — 0,1%
- Sotuvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bank (ekvayer bank) — 0,1%
- Karta emitenti banki — 0,05%
- To‘lovchining banki — 0,05%
Shu bilan birga, yakuniy komissiya tadbirkorlik subyekti ulangan bankka bog‘liq. Bank-ekvayer umumiy tarifdan qat‘iy belgilangan 0,1% ni oladi, biroq mijozlar uchun o‘z shartlarini belgilashi mumkin. Masalan, Ipak Yo‘li banki standart 0,65% dan pastroq — 0,25% lik stavkani taklif qilmoqda. Ulanishdan oldin bir nechta bankning shartlarini taqqoslash tavsiya etiladi.
Xaridorlar uchun komissiya alohida masaladir. Tizimning rasmiy qoidalarida bu ko‘zda tutilmagan, biroq ayrim banklar va to‘lov xizmatlari o‘z tashabbusi bilan alohida yig‘imlarni joriy etishi mumkin. Markaziy bank bu masala tartibga solinish jarayonida ekanini ma‘lum qildi.
UzQR‘ga ulanish hamma joyda bepul: buning uchun bankka murojaat qilish, hisobvaraq ochish va ariza topshirish kerak. QR-kod kassaga joylashtiriladi yoki telefondan ko‘rsatiladi hamda istalgan bank ilovasi yoxud to‘lov xizmati orqali ishlaydi.
Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi banklardan omonatlar va yirik P2P-o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni olmoqchi ekani haqida yozgandi.