Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni Lukoyl kompaniyasi asoschisi Vagit Alekperovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Vagit Alekperov davlat rahbariga kompaniya tomonidan O‘zbekiston energetika tarmog‘ida amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati haqida batafsil axborot berdi.

Geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, neft mahsulotlari chakana savdosi tarmog‘ini rivojlantirish loyihalari shular jumlasidan.

Kompaniyaning mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi.


2025-yilning oktabr oyida AQSH Moliya vazirligi Lukoyl, Rosneft va ularning sho‘ba tashkilotlariga nisbatan bloklash sanksiyalarini joriy etdi. Shu bilan birga, Amerika hukumati ikkala kompaniya bilan moliyaviy operatsiyalarni yakunlash uchun 21-noyabrgacha muhlat berdi, shuningdek, Lukoylning chet eldagi ob’ektlarida tovar va xizmatlar xarid qilish uchun bir necha bor muddatni uzaytirdi.

Shveysariyaning Gunvor energetika guruhi Lukoyl aktivlarini noma’lum summaga sotib olish uchun ariza topshirdi. Biroq AQSH Moliya vazirligi jangovar harakatlar to‘xtatilgunga qadar bitimni ma’qullashdan bosh tortdi, shundan so‘ng Gunvor taklifni qaytarib oldi.

Financial Times yanvar oyi boshida Amerikaning Chevron energetika korporatsiyasi Quantum Capital investitsiya fondi bilan birgalikda Lukoylning xalqaro aktivlarini sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Neft va gaz ishlab chiqarish korxonalari, zavod va 2 mingdan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bilan tuzilgan bitim $22 mlrdga baholangan.

O‘sha paytda Iroq hukumati Lukoyl kompaniyasiga 75% tegishli bo‘lgan “G‘arbiy Kurna-2” neft konini milliylashtirish rejasini ma’qulladi. Rejaga ko‘ra, davlat kompaniyasi Basra Oil Company majmuaning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida uning nazoratini o‘z qo‘liga oladi.

O‘zbekistonda Lukoyl investitsiyalari $10 mlrddan oshadi. Kompaniya 13 ta konda gaz qazib chiqaradi, bu ishlarni Uzbekneftegaz bilan birga amalga oshiradi, va 2021-yil boshida uning boshqaruvida bo‘lgan zahiralar 413,1 mlrd kubometr yoki umumiy zaxiralarining 22% ini tashkil etadi.

Lukoyl O‘zbekiston hukumati bilan Buxoro viloyatidagi Qandim-Hovuzak-Shodi va Qashqadaryo viloyatidagi Janubi-G‘arbiy Gissar loyihalari bo‘yicha mahsulotni bo‘lishish shartnomalarini tuzgan. Shartnomalar mos ravishda 2046 va 2043-yilgacha amal qiladi. Shuningdek, kompaniya 3,5 milliard dollar evaziga Kandim gazni qayta ishlash kompleksini qurdi, bu yiliga 8,1 mlrd kubometr gazni qayta ishlashga mo‘ljallangan.

Sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston maslahatchilarni jalb qilgani va Lukoyl aktivlari bo‘yicha AQSH bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Hukumat xalqaro me’yorlar va sanksiyalarga rioya qiladi, shu bilan birga OFAC bilan birgalikda ish olib bormoqda.

Joriy yilning yanvarida Lukoyl o‘zining xorijdagi aktivlarini Amerikaning Carlyle investitsiya guruhiga sotish bo‘yicha oldindan kelishib olgandi.


Spot avvalroq O‘zbekistonda elektrokarlar va data-markazlarning ko‘payishi elektr tizimiga yuklamani oshirishi haqida yozgandi.