Farg‘ona viloyatida tadbirkorga asossiz hisoblangan 3,2 mlrd so‘mlik soliq qarzdorligi bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

S.Q.M korxonasi rahbari jamiyatda o‘tkazilgan tekshiruvdan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining Sharqiy mintaqaviy boshqarmasi 2023-yil dekabrda korxonada tekshiruv o‘tkazib, tegishli dalolatnoma rasmiylashtirgan.

Shunga qaramay, inspeksiya xodimi buyruqda belgilangan tekshiruv davri talablarini buzib, tadbirkorning 2020−2025-yillardagi faoliyatini qayta tekshirgan.

Prezidentning 2022-yil 13-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Biznes-ombudsman o‘rganishlari natijasida mansabdor Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241−2-moddasi (Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish) bilan javobgarlikka tortilib, unga BHMning 40 baravari (17,6 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.

Toshkent tumanlararo ma‘muriy sudi inspeksiya mansabdorlarining xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topib, noqonuniy tuzilgan dalolatnomani bekor qildi. Natijada tadbirkorga hisoblangan 3,2 mlrd so‘mlik asossiz soliq qarzdorligi bekor qilindi.

Spot avvalroq Sirdaryoda Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng tadbirkorning 9,6 mlrd so‘mlik muammosi hal etilgani haqida yozgandi.