1-iyuldan boshlab har bir savdo nuqtasi va xizmat ko‘rsatish tashkiloti QR-kod orqali to‘lovni qabul qilishga majburdir. Endilikda usiz ishlash mumkin emas va kodning yo‘qligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda QR-kod orqali to‘lov qilish allaqachon odatiy holga aylangan. Bugungi kunda bunday QR-kodlarni do‘kon kassalarida, kafe stollarida, shuningdek xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar yuboradigan messenjer xabarlarida ham uchratish mumkin.
Xaridor uchun barchasi bir xil ko‘rinsa-da — QR-kodni skanerlab, to‘lovni amalga oshirish kifoya, biznes uchun esa ular o‘rtasidagi farq katta. Ayrim QR-kodlar terminallar orqali ishlaydi, boshqalari o‘zini o‘zi band qilganlar uchun mo‘ljallangan, yana boshqalari esa bir vaqtning o‘zida o‘nlab to‘lov xizmatlari orqali to‘lov qabul qilish imkonini beradi. Bu esa to‘lov usullari, komissiya miqdori va hatto qonunchilik talablari bilan farqlanadi.
Spot O‘zbekistonda mavjud QR-to‘lov tizimlari, ularning o‘zaro farqlari va oddiy xaridor uchun qancha turishini tahlil qildi.
Bu qanday ishlaydi?
Xaridorlar odatda ikki turdagi QR-kodga duch keladi. Birinchisi — dinamik QR-kod. U har bir xarid uchun alohida yaratiladi va to‘lov summasi oldindan kiritilgan bo‘ladi. Shu sababli QR-kodni skanerlagach, faqat to‘lovni tasdiqlash kifoya. Bunday QR-kodlar odatda kassa terminallari tomonidan yaratiladi.
Ikkinchi turi — statik QR-kod. U aniq sotuvchiga bog‘langan va xariddan xaridga o‘zgarmaydi. Bunday kodlardan ko‘pincha kichik do‘konlar, xizmat ko‘rsatuvchi ustalar va o‘zini o‘zi band qilganlar foydalanadi. Bunday holda, summani odatda mustaqil ravishda kiritish kerak bo‘ladi.
Xaridor uchun ular orasidagi farq odatda unchalik katta emas. Biroq tizimlarning o‘zi turli infratuzilmalar orqali ishlashi, turli to‘lov usullarini qo‘llab-quvvatlashi va to‘lovlarni amalga oshirishning har xil shartlarini nazarda tutishi mumkin. Aynan shu narsa ular bir-biridan asosiy farqidir. Spot eng keng tarqalgan to‘rtta tizim qanday ishlashini o‘rganib chiqdi:
- UZCARD’dan Tez QR;
- Paynet’dan Xolis QR;
- Rahmat QRж
- UzQRю
Shuni tushunish kerakki, Click, Payme, Uzum Bank, Alif va boshqa shunga o‘xshash servislar alohida QR-tizimlar emas. Ular xaridor xaridlar uchun to‘lovni amalga oshiradigan ilovalardir. Foydalanuvchi Payme, Click, OSON, Alif yoki boshqa ilova orqali Tez QR, Xolis QR, Rahmat QR yoki UzQR’ni skanerlaganda, aynan o‘sha ilova pulni kartadan yechib oladi va to‘lovni tasdiqlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, QR-tizimlar sotuvchi tomonida to‘lovni qabul qilish uchun javobgar bo‘lsa, bank va to‘lov ilovalari xaridor tomonida to‘lov vositasi vazifasini bajaradi. Shuning uchun bitta savdo nuqtasida bir vaqtning o‘zida bir nechta QR-yechimdan foydalanilishi mumkin.
Shu bilan birga, QR-kod — to‘lov usullaridan faqat bittasidir. Xaridor xaridni QR-kod orqali to‘lashga majbur emas va to‘lovning istalgan qulay usulini, jumladan, naqd pul yoki bank kartasini tanlashi mumkin.
Tez QR
Tez QR — mamlakatning ikkita milliy to‘lov tizimidan biri bo‘lgan UZCARD texnologiyasidir. Uni zamonaviy UZCARD POS-terminallari o‘rnatilgan joylarda: supermarketlarda, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida, kafelar va do‘konlarda uchratish mumkin.
Tez QR shunday ishlaydi: kassir terminalda summani kiritadi va uning ekranida QR-kod paydo bo‘ladi. Xaridor o‘z banki yoki to‘lov tizimi ilovasini ochadi, kodni skanerlaydi, to‘lovni tasdiqlaydi va chek oladi. To‘lov tasdig‘idan tashqari, chekda tovarlar yoki xizmatlar ro‘yxati, ularning miqdori va qiymati ham ko‘rsatiladi.
Xaridorlar uchun asosiy ustunligi — tizimni ko‘plab bank va to‘lov ilovalari qo‘llab-quvvatlaydi. Tez QR 24 ta mobil ilovada ishlaydi: Payme, Click, Uzum, Paynet, OSON va boshqalar. Shu bois ko‘p hollarda foydalanuvchiga odatiy servis orqali to‘lov qilish imkoniyati mavjud. Mavjud kartalar to‘plami ham yetarlicha keng: UZCARD, HUMO, Visa, Mastercard, UnionPay, muddatli to‘lov kartalari va elektron hamyonlar — aniq ro‘yxat ilovaga bog‘liq.
Odatda xaridorlar bunday operatsiyalar uchun qo‘shimcha komissiya to‘lashmaydi, biroq aniq shartlar bank yoki to‘lov servisiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Xolis QR (Paynet)

Agar Tez QR ko‘proq do‘kon va kafelarda uchrasa, Xolis QR yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlarga mo‘ljallangan. Uni bozorlarda, kuryerlar, repetitorlar va terminalsiz ishlaydigan boshqa shaxslarda uchratish mumkin.
Tez QR’dan farqli o‘laroq, bu yerdagi kod statik — doimiy, aniq tadbirkorga bog‘langan. Uni chop etib, peshtaxtaga qo‘yish yoki telefon ekranidan ko‘rsatish mumkin.
Tadbirkor uchun Xolis — bu nafaqat to‘lovni qabul qilish usuli. Barcha operatsiyalar platforma ichida avtomatik ravishda hisobga olinadi, shuning uchun hisob-kitob va davlat xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikka kamroq vaqt ketadi.
Shu bilan birga, Xolis QR’ning mavjudligi yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun majburiy talabdir. Uning yo‘qligi nazorat-kassa texnikasi yoki hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtiriladi. Soliq kodeksining 221-moddasiga ko‘ra, bunday qoidabuzarlik 5 mln so‘m miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Ilovada ro‘yxatdan o‘tish va undan foydalanish bepul. Lekin Paynet hisobidan pul yechib olish uchun komissiya mavjud:
- Uzcard va Humo kartalariga — 0,9%;
- naqd pul yoki hisob raqamiga: 1% komissiya.
Shu bilan birga, tizim ichidagi o‘tkazmalar foizsizdir, ya’ni Xolis’dagi hisobdan Paynet hamyoniga bepul o‘tkazish mumkin.
Platforma avtomatik ravishda har bir kiruvchi to‘lovdan 1% soliqni ushlab qoladi va soliq organiga hisobotni o‘zi yuboradi.
Muhim cheklov: servis faqat platforma orqali yillik aylanma 1 mlrd so‘mdan oshmagan taqdirda ishlaydi. Ushbu ko‘rsatkichga yetilganda kirish avtomatik tarzda bloklanadi — uni yiliga bir marta blokdan chiqarish mumkin. To‘lovlarni qaytarish hali qo‘llab-quvvatlanmaydi.
Xaridor uchun jarayon odatiy QR orqali o‘tkazmadan deyarli farq qilmaydi — farqi shundaki, tasdiqlashdan oldin summani diqqat bilan tekshirish kerak, chunki u mustaqil kiritiladi. Shuningdek, iste’molchi xarid yoki xizmatlarni aynan shu QR-kod orqali to‘lashga majbur emas. Naqd pul, bank kartasi yoki boshqa qulay variantdan foydalanish mumkin.
Rahmat QR
MULTICARD PAYMENT'dan Rahmat QR dastlab biznes uchun tijorat yechimi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan mamlakatdagi eng keng tarqalgan QR-servislardan biriga aylandi. Biroq vaqt o‘tishi bilan u mamlakatdagi eng ommalashgan QR-to‘lov xizmatlaridan biriga aylandi.
Aslida, u turli to‘lov usullarini yagona QR-kodda birlashtiradi. Bitta Rahmat QR orqali Uzcard, HUMO, Visa, Mastercard, shuningdek Click, Payme, Uzum, Paynet, Alif, Xazna, Beepul va boshqa xizmatlar orqali to‘lovni amalga oshirish mumkin.
Xaridor uchun bu ma’lum bir joy qanday to‘lov usullarini qabul qilishini oldindan aniqlashtirish shart emasligini anglatadi. Shunchaki kodni skanerlash kifoya, shundan so‘ng tizim mavjud variantlarni o‘zi ko‘rsatadi — faqat odatiy servis yoki kartani tanlash qoladi.
Rahmat QR ko‘pincha kafelar va restoranlarda, chop etilgan jadval shaklida yoki hisob-kitob cheklarida uchraydi. 2026-yil aprelidan boshlab tizim avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham ishlamoqda: mamlakatda yoqilg‘i uchun naqd pulda to‘lash taqiqlangan va Rahmat QR yoqilg‘i quyish shoxobchalarda hisob-kitob qilishning asosiy vositalaridan biriga aylandi.
Tranzaksiyalar haqidagi barcha ma’lumotlar shaxsiy kabinetda real vaqt rejimida aks etadi.
Komissiya sotuvchidan undiriladi va biznes turiga bog‘liq:
| Segment | Komissiya |
|---|---|
| Statik QR | 1% |
| AYQSH | 1,2% |
| Restoranlar | 1,5% |
| O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish avtomoykalari | 2% |
| Savdo | 2% |
| Vending | 2% |
Xaridorlar uchun Rahmat QR orqali to‘lov bepul.
UzQR
UzQR — O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan yagona to‘lov QR-kodi. 2025-yil dekabr oyida prezident uni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va 2026-yil 1-iyuldan boshlab bunday kodning mavjudligi savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun majburiy bo‘ldi. Endilikda bunday QR-kodning mavjud emasligi savdo qoidalarini buzish hisoblanadi.
Agar hozir kassada turli servislarning bir nechta QR-kodlari bir vaqtda turishi mumkin bo‘lsa, UzQR’ning g‘oyasi ularni asta-sekin bitta universal kod bilan almashtirishdan iborat. Xaridor sotuvchi qaysi servisdan foydalanayotganini aniqlashtirib o‘tirmaydi — shunchaki odatiy ilovani ochib, to‘lovni amalga oshiradi. Pul tadbirkorning hisob raqamiga, qoida tariqasida, bir ish kuni davomida tushadi.
Hozircha tizim faqat milliy to‘lov tizimlari — UZCARD va HUMO kartalari bilan ishlaydi. Agar to‘lov faqat Visa yoki Mastercard’ga bog‘langan bo‘lsa, UzQR’dan foydalanib bo‘lmaydi.
Alohida masala komissiyalarga taalluqlidir. Ayrim banklar va to‘lov servislar operatsiyalarga xizmat ko‘rsatishning o‘z shartlarini belgilashi mumkin, shu sababli ba’zi hollarda foydalanuvchilar to‘lov vaqtida qo‘shimcha yig‘imlarga duch kelishlari mumkin.
UzQR’ning rasmiy tarifi — to‘lov summasining 0,65%i va u faqat sotuvchidan undiriladi. Komissiya tranzaksiyaning barcha ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi:
| Oluvchi | Ulush |
|---|---|
| UzQR operatori (MUNIS) | 0,2% |
| QR skanerlangan servis | 0,15% |
| To‘lov tizimi (Uzcard/Humo) | 0,1% |
| Sotuvchining bank-ekvayeri | 0,1% |
| Karta emitenti bo‘lgan bank | 0,05% |
| To‘lovchi banki | 0,05% |
Shu bilan birga, yakuniy komissiya biznes ulangan bankka bog‘liq. Bank-ekvayer umumiy tarifdan belgilangan 0,1%ni oladi, lekin mijozlar uchun o‘z shartlarini belgilashi mumkin. Masalan, Ipak Yuli Bank 0,25% stavkasini e’lon qiladi — bu standart 0,65%dan pastroq. Ulanishdan oldin bir nechta banklarning shartlarini solishtirib ko‘rish maqsadga muvofiq.
Alohida masala — xaridorlar uchun komissiya. Tizimning rasmiy qoidalari uni nazarda tutmaydi, biroq ayrim banklar va to‘lov servislari o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha yig‘imlar kiritishi mumkin. Markaziy bank bu masala tartibga solinish jarayonida ekanligini xabar qildi.
UzQR’ga ulanish hamma joyda bepul: bankka murojaat qilish, hisob ochish va ariza topshirish kerak. QR-kod kassaga joylashtiriladi yoki telefondan ko‘rsatiladi, u har qanday bank ilovasi yoki to‘lov servisi orqali ishlaydi.


