Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent avtobuslarida nazorat vaqtida validatorlarni vaqtincha bloklash tartibi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, buning huquqiy asosi, avtobuslardagi validatorlar soni va ularga erkin yetib borish imkoniyati yuzasidan savollar bildirildi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilardan yo‘l haqini avtobusga chiqish vaqtida to‘lash talab qilinar ekan, buning uchun yetarli sharoit ham yaratilishi kerak. Jumladan, validatorlar sonini ko‘paytirish, ularning doimiy soz ishlashi va gavjum avtobuslarda qurilmalarga erkin yetib borish imkoniyatini ta‘minlash taklif qilindi.
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi muhokamalar yuzasidan izoh berdi.
Vazirlar Mahkamasining 3-iyundagi 276-son qaroriga ko‘ra, 1-sentabrdan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi bilan jihozlangan shahar avtobuslarida yo‘lovchilar yo‘l haqini avtobusga chiqish vaqtida to‘lashi kerak. Imtiyozli yoki bepul yurish huquqiga ega yo‘lovchilar esa buni belgilangan tartibda tasdiqlashi lozim.
Boshqarma ma‘lumotiga ko‘ra, nazorat vaqtida validatorlarni vaqtincha bloklash tartibi transport vazirining 16-yanvardagi 14-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada belgilangan.
“Validatorlarni vaqtincha bloklashdan asosiy maqsad yo‘lovchilarni jarimaga tortish emas, balki yo‘l haqini avtobusga chiqish vaqtida to‘lash talabiga rioya etilishini ta‘minlash va to‘lov madaniyatini oshirishdan iborat”, — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, boshqarma validatorlarning doimiy soz ishlashi, ularga erkin yetib borish hamda yo‘lovchilar uchun to‘lovni amalga oshirishda qulay sharoit yaratish bo‘yicha takliflar e‘tiborga olinishini bildirdi.
Spot avvalroq Toshkentda avtobusda nazoratchiga qarshilik qilgan yo‘lovchi 3 sutkaga qamalgani haqida yozgandi.