Toshkent avtobuslari va metrosida yo‘l haqining yangi tariflari tashish tannarxini qisman qoplash imkonini beradi. Bu haqda 29-sentabr kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflarning oshirilishi energiya resurslari narxining ko‘tarilishi, avtobuslar parkini yangilash, yangi avtobus yo‘nalishlarini ishga tushirish va metroni rivojlantirish bilan bog‘liq.
Hokimning ta’kidlashicha, tariflarning oshirilishi jamoat transportini saqlash xarajatlarining to‘liq yo‘lovchilar zimmasiga yuklanishini anglatmaydi.
Umurzakov amaldagi tariflar saqlanib qolsa, transport tizimi kelgusida, jumladan, avtobus xarid qilish uchun mablag‘ jalb qilingan banklar oldidagi majburiyatlarni bajarishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini qayd etdi. Shu vaqtgacha 1 200 ta avtobus xarid qilingan, ayni paytda metro tarmog‘ini rivojlantirish va yangi yo‘nalishlar qurilishi davom etmoqda.
Shu bilan birga, poytaxt hokimligi va Transport vazirligi avtobus parklarining o‘z xarajatlarini kamaytirish ustida ishlamoqda. Shavkat Umurzakovning aytishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashuvlar samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish va moliyaviy yuklamani kamaytirish ustida ishlayapti. Bu kelgusida tariflarni yana oshirish zaruratining oldini olishga qaratilgan.
Yangi jamoat transporti tariflari 1-oktabrdan kuchga kirdi. Naqd pulsiz to‘lovda bir martalik yo‘l haqi 47% ga — 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mgacha oshirildi. Naqd pulga xarid qilinadigan chipta narxi esa o‘zgarishsiz, 3 000 so‘m bo‘lib qoldi.
Bir soat ichida boshqa avtobus yoki metroga o‘tganda yo‘l haqi 1 500 so‘mni tashkil etadi. Avval bu tarif 1 100 so‘m edi. Bir soat ichidagi uchinchi va undan keyingi avtobusga o‘tishlar esa bepul bo‘ldi.
Avvalroq Spot Toshkent metrosida bir kunda 1,2 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgani haqida yozgan edi.