Toshkent metrosida bir kunda 1,2 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi, deya xabar Toshkent metropoliteni matbuot xizmati
28-sentabr kuni metropoliten tarixida yangi rekord qayd etilib, bir kun davomida metro xizmatlaridan 1 mln 200 ming 124 nafar yo‘lovchi foydalandi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni 21-sentabr kuni o‘rnatilgan 1,18 mln yo‘lovchidan iborat avvalgi maksimumdan 31 mingga oshib ketdi.
Shu munosabat bilan Toshkent metropoliteni tomonidan tadbir o‘tkazilib, 1 mln 200 minginchi yo‘lovchi aniqlandi.
Yo‘lovchiga metropoliten jamoasi nomidan esdalik sovg‘asi hamda bir yil davomida jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini beruvchi maxsus transport kartasi topshirildi.
Metropoliten ma’muriyati ushbu natijani yo‘lovchilarning metro xizmatlariga bo‘lgan ishonchi va talabining ortib borayotgani bilan izohladi.
Korxona kelgusida yo‘lovchilarga yanada qulay, xavfsiz va tezkor transport xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini bildirdi.
Avvalroq Spot 1-oktabrdan Toshkentda avtobus va metro uchun yo‘l haqi oshirilishi haqida yozgandi.
ATTO elektron to‘lov tizimi orqali bir martalik yo‘l haqi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshadi. Naqd pulda chipta narxi esa o‘zgarmaydi — 3000 so‘m.