Avvalroq Spot savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari Click, Payme va Uzum Bank kabi to‘lov tizimlari hamda banklarning individual QR-kodlarini olib tashlab, faqat yagona QR-kodni qoldirishga majburlanayotgani haqida yozgan edi.
Soliq qo‘mitasi yagona QR-kod tizimi yuzasidan bildirilgan turli mulohazalarga rasmiy munosabat bildirib, idora hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini belgilash vakolatiga ega organ hisoblanmasligini qayd etdi.
Qo‘mita ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar yagona QR-kodli to‘lov tizimini joriy etishi shart.
“Muhim jihati, bu to‘lovlar faqat yagona QR-kod orqali qabul qilinishi shart degani emas. Yagona QR-kod xaridor uchun qo‘shimcha to‘lov usullaridan biri sifatida mavjud bo‘lishi kerak, xolos”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchilar davlat reyestriga kiritilgan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlari, bank kartalari, naqd pul va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lov usullaridan foydalanishda davom etishi mumkin.
Soliq qo‘mitasi, shuningdek, soliq organlarining ushbu jarayonga aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
Agar soliq xodimlari tomonidan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlarini olib tashlash bo‘yicha noqonuniy talablar qo‘yilsa, tadbirkorlar bu haqda qo‘mitaning (+998) 71 244−98−98 ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.
Spot shu hafta davomida Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga bir necha bor so‘rov yubordi, biroq material e‘lon qilinayotgan vaqtda tahririyat javob olmadi.
Shu hafta Markaziy bank ham Spot‘ga yagona QR-kod boshqa to‘lov QR-kodlarini bekor qilmasligini tasdiqladi — davlat reyestriga kiritilgan to‘lov tizimlaridan tadbirkorning ixtiyoriga ko‘ra foydalanishda davom etilishi mumkin. Markaziy bankning koll-markazi ham qo‘shimcha tarzda tasdiqlashicha, regulyator tadbirkorlardan individual QR-kodlarni olib tashlashni talab qilmaydi.
Kun.uz Markaziy bankka tayanib yozishicha, amaldagi barcha to‘lov usullari, jumladan, naqd pul va bank kartalari saqlanib qoladi. O‘z navbatida, boshqa tizimlarning QR-kodlarini olib tashlash talabi qonunchilikka ziddir.
Spot qanday to‘lov QR-kodlari mavjudligi, ularning bir-biridan nima bilan farq qilishi va oddiy xaridor uchun bu qanchaga tushishini o‘rganib chiqdi.
Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi banklardan omonatlar va yirik P2P-o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni olmoqchi ekani haqida yozgandi.