Toshkentda Face ID yordamida maktablarda o‘quvchilar davomatini nazorat qiluvchi “SI Davomat” tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlikning Vaziyatlar markazida Sergeli tumanidagi maktablarda ishga tushirilgan “SI Davomat” raqamli tizimi taqdimoti o‘tkazildi.

Tizim ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini tahlil qilish va o‘quvchilar davomatini nazorat qilishga qaratilgan.

“SI Davomat” maktablardagi jarayonlarni raqamlashtirishning dastlabki bosqichi bo‘lib, ma’lumotlar asosida qarorlar qabul qilish hamda maktab, o‘qituvchi va ota-onalar e’tiborini talab qiladigan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.

Tizim darslarning tashkil etilishi, o‘quvchilarning faolligi va o‘qitish usullarini fan, sinf va o‘qituvchilar kesimida muntazam tahlil qiladi.

Ushbu ma’lumotlar o‘qituvchilarni uslubiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifatini baholash va KPI tizimini takomillashtirishda foydalaniladi.

Smart-kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning maktabga kelishi va darslarda qatnashishi avtomatik qayd etiladi.

Qayd etilishicha, tizim takroriy dars qoldirish, jumladan, ayrim fanlarga muntazam kelmaslik holatlarini ham aniqlashga yordam beradi.

O‘quvchi sababsiz dars qoldirganida ota-onasiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Ma’lumotlar maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham avtomatik yetkaziladi.

ERP Maktab va Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingani sababli kasallik tufayli dars qoldirish holatlari avtomatik hisobga olinadi.

Hozirda tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda ishlamoqda. Ushbu maktablarda 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan.

Aprobatsiya natijalariga ko‘ra, tizimni Toshkentdagi boshqa maktablarda ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.


Avvalroq Spot Nyu-York 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga SIdan foydalanishni bir yilga taqiqlagani haqida yozgandi.

Cheklovlar qariyb 600 ming nafar o‘quvchi, ya’ni shahar maktablaridagi barcha o‘quvchilarning uchdan ikki qismiga taalluqli bo‘ladi.