Apple yangi qurilmalar taqdimotiga OAV vakillarini taklif qilishni boshladi. Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanning xabar berishicha, tadbir 28-oktabr kuni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bir kunlik tadbir tashkil etadi. Unda jurnalistlar yangi qurilmalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Kutilayotgan yangiliklar orasida sensorli ekranli MacBook, yangilangan iPad mini va M6 protsessorlariga asoslangan Mac kompyuterlari bor.

Avvalroq Gurman Apple ushbu qurilmalarni taxminan 27-oktabrda taqdim etishini bildirgan edi. Dastlab e’lonlar onlayn taqdimot shaklida o‘tishi, shundan so‘ng jurnalistlar yangi qurilmalarni sinab ko‘rishi kutilgan.

Hozircha qurilmalar 28-oktabr kuni e’lon qilinadimi yoki kompaniya ularni bundan oldin taqdim etadimi — noma’lum.

Kutilayotgan asosiy yangiliklardan biri 14 va 16 dyuymli ekranlarga ega yangilangan MacBook Pro noutbuklari bo‘lishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular OLED-displey, Dynamic Island funksiyasi va yengilroq korpus bilan jihozlanadi.

Avvalroq Apple ushbu modellarni MacBook Ultra deb atashi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq Gurmanning keyingi xabarlarida qurilmalar MacBook Pro turkumida qolishi aytilgan.

Bundan tashqari, Apple M6 protsessoriga ega 14 dyuymli MacBook Pro va iMac modellarini chiqarishi kutilmoqda.

Mish-mishlarga ko‘ra, yangi iPad mini OLED-displey, qurilmani gorizontal tutganda videomuloqot uchun qulay joylashadigan old kamera va yangilangan akustik tizimga ega bo‘ladi.

Apple bundan oldin, 13-oktabr kuni ham OAV vakillari uchun tadbir o‘tkazgan edi. Kompaniya unda HomeView aqlli uy tizimi, HomePod mini 2 kolonkasi, yangilangan Apple TV 4K va boshqa qurilmalarni taqdim etdi.


Avvalroq Spot Apple yanada kattaroq ekranli iPhone Duo Max’ni chiqarishi mumkinligi haqida yozgandi.

Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanga ko‘ra, Apple ilk bukiladigan iPhone nomini tanlashda qatorni kelajakda kengaytirishni ham hisobga olgan.