Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Isroil prezidenti Isxak Gersog, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qatar amiri Tamim bin Hamad bin Xalifa Ol Soniy, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Bangladesh, Bahrayn, BAA, Vyetnam, Kambodja, Rossiya, Turkiya, Falastin, Xitoy, Shri-Lanka va Hindiston hukumatlari hamda tashqi siyosat idoralari rahbarlari, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) 1992-yilda tashkil etilgan, hozirgi kunda 28 ta aʼzo davlat, kuzatuvchi maqomidagi 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilotni birlashtirgan xalqaro platforma hisoblanadi.

Kun tartibiga muvofiq, xalqaro vaziyat va hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi hamda bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Boku sammitidagi nutqida dunyodagi chuqur geosiyosiy o‘zgarishlar yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etayotgani haqida so‘z yuritdi.

“Ayniqsa, Osiyoning turli hududlaridagi qurolli nizolar barchamizni chuqur xavotirga solmoqda. Ularning oqibatlari mojaro hududidan tashqariga chiqib, siz bilan biz yashayotgan mintaqa xavfsizligiga jiddiy putur yetkazmoqda, global iqtisodiyotga zarar keltirib, millionlab insonlarning hayotiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Prezident har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarurligini taʼkidladi.

O‘zaro uyg‘un va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan harakatlarga, olingan barcha majburiyatlarni bajarishga asoslangan munosabatlarning barqaror tizimini yaratishda OHIChK alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston yetakchisi tomonidan Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari hamda aniq chora-tadbirlarini belgilash taklif qilindi.

“Transport va energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashuvlar katta ahamiyatga ega”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident so‘zining davomida hozirgi shiddatli texnologik taraqqiyot va iqlim o‘zgarishlari ham yangi vazifalarni kun tartibiga qo‘yayotganini taʼkidladi.

“Sunʼiy intellekt kundalik hayotimizni tez o‘zgartirmoqda. U cheksiz imkoniyatlar yaratish bilan birga jiddiy xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Endilikda biz raqamli taraqqiyot barchaga birdek foyda keltirishi, texnologik rivojlanishdagi farq qisqarishi uchun bor imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarur”, — dedi davlat rahbari.

Shu maqsadda Texnologik ishonch va sunʼiy intellektdan masʼuliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi. Uni amalga oshirish doirasida OHIChK huzurida ekspertlar maydonini tashkil etish taklifi ham bildirildi. Unda mutaxassislar umumiy tavsiyalarni ishlab chiqish va amaliy choralarni kelishib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, OHIChKga aʼzo davlatlarning iqlim o‘zgarishlariga moslashish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish maqsadida Iqlim barqarorligi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

O‘zbekiston OHIChKning Inson mezoni bo‘yicha koordinatori ekanini inobatga olib, kelgusi yili mamlakatimiz Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forumni o‘tkazishga tayyorligi, bu borada Kengashning 2028-yilga qadar bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Harakatlar dasturini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qilishi munosabati bilan davlat rahbari barchani tashkilotning kelgusi yili Toshkent shahrida o‘tkaziladigan yigirmanchi sammitiga taklif qildi.

Mamlakat yetakchisi so‘zining yakunida OHIChKning tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni hamda Kengashning bosh kotibi lavozimiga Ozarbayjon tomonidan ilgari surilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Ozarbayjonning Kengashga raislikni 2028-yilgacha davom ettirish niyatini olqishladi.

Sammitda davlatlar yetakchilari, mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.

Spot avvalroq Shavkat Mirziyoyev MDHda erkin savdo zonasining cheklovlarsiz ishlashini taʼminlashni taklif etgani haqida yozgandi.