Kapital Sug‘urta aksiyadorlik jamiyatining sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha litsenziyasining amal qilishi 10 kun muddatga to‘xtatildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Agentlikning tegishli qaroriga asosan, kompaniyaga 2022-yil 22-noyabrda berilgan 049696-sonli litsenziyaning amal qilishi 26-avgustdan boshlab 10 kun muddatga to‘xtatildi.
Qaror “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida"gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli nizomi asosida qabul qilingan.
Litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan davrda Kapital Sug‘urtaga yangi sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalarini tuzish, shuningdek, amaldagi sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalarini uzaytirish taqiqlanadi.
Bu regulyatorning Kapital Sug‘urtaga nisbatan litsenziyani vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha birinchi qarori emas. 2024-yil yanvarida ham ILMA kompaniya litsenziyasining amal qilishini 10 kunga to‘xtatgandi.
O‘shanda kompaniyaning moliyaviy hisobotlarini o‘rganish jarayonida qonunchilikda belgilangan mezonlarga rioya etilmagani aniqlangan. Tekshiruv yakunida Kapital Sug‘urtaga 162 mln so‘m jarima solingan.
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Kapital Sug‘urta 1997-yil avgustida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning ustav kapitali 80 mlrd so‘mni tashkil etib, u hayotni sug‘urta qilishdan tashqari sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ta‘sischilari sifatida aksiyadorlar (100%), rahbari sifatida esa Humoyunxon Borixo‘jayev ko‘rsatilgan.

Spot, avvalroq, sentabrdan O‘zbekistonda elektron tijorat operatorlari uchun xabardor qilish tartibi joriy etilishi haqida yozgandi.