Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat operatorlari uchun faoliyatni boshlash tartibini belgiladi. Agentlik direktori Dmitriy Lining buyrug‘i Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, elektron savdo platformalari operatorlari, buyurtmalar agregatorlari va raqamli striming xizmatlari O‘zbekistonda ILMAga tegishli xabarnoma yuborganidan so‘ng o‘z faoliyatini boshlashi mumkin. Regulyator operatorlar reyestrini yuritadi.
Mamlakat hududida faoliyat yuritish uchun operator mahalliy yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi, shuningdek, elektron tijorat ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish uchun axborot tizimini yaratishi lozim.
Elektron tijorat, shaxsiy ma‘lumotlarni himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish hamda reklama bozoriga oid qonunchilikka rioya etilishi shart. Bundan tashqari, operator chakana savdo qoidalariga ham amal qilishi kerak.
Agar tegishli talab ularning kasbiy faoliyatida nazarda tutilgan bo‘lsa, operatorlarning xodimlar bilan tuzgan mehnat shartnomalari Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, ular so‘rov bo‘yicha regulyatorga o‘z faoliyati to‘g‘risida ma‘lumot taqdim etishi shart.
Xabarnoma ILMAning maxsus elektron tizimi orqali istalgan vaqtda qabul qilinadi. Unga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
- kompaniya to‘g‘risidagi asosiy ma‘lumotlar (nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, STIR);
- aloqa ma‘lumotlari (manzil, elektron pochta, rahbarning telefon raqami);
- faoliyat yuritiladigan joy manzili (manzillari);
- bank rekvizitlari;
- rahbarning pasport ma‘lumotlari;
- talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
ILMA xodimlari arizani u kelib tushgan kuni yoki eng yaqin ish kunida o‘rganib chiqadi. Kamchiliklar va qoidabuzarliklar aniqlanmasa, regulyator bir ish kuni ichida elektron guvohnoma rasmiylashtirib, uni ariza beruvchiga yuboradi.
Nomi yoki yuridik manzili o‘zgarganda, shuningdek, yangi filial va vakolatxonalar ochilganda, operator o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma‘lumotni 10 ish kuni ichida ILMAga yuborishi kerak bo‘ladi. Regulyator guvohnomani qayta rasmiylashtirib, uning yangi nusxasini jo‘natadi.
Belgilangan talablar buzilgan taqdirda, ILMA qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazishi mumkin. Kompaniya vakili tekshiruv yakunlari bo‘yicha dalolatnoma bilan tanishib, uni imzolashi lozim, agarda u rad etsa, regulyator xolislarni jalb qilishi mumkin.
Dalolatnoma tuzilib, elektron tijorat operatorining shaxsiy kabinetiga yuborilganidan so‘ng, uning faoliyati 10 ish kunigacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin. Faoliyatini qayta tiklash uchun operator kamchiliklar bartaraf etilgani bo‘yicha asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Asoslantiruvchi hujjatlar 5 ish kuni ichida tahlil qilinishi mumkin. Zarurat bo‘lganda, tekshiruvchilar regulyator bilan kelishgan holda vaziyatni o‘rganish uchun voqea joyiga borishi mumkin.
Tahlil natijalari asosida agentlik operator faoliyatini tiklash yoki buni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi lozim. Belgilangan muddat tugagach, bir ish kuni ichida qaror qabul qilinmasa, operator o‘z faoliyatini qayta tiklashi mumkin bo‘ladi.
Operator faoliyatini to‘xtatish ixtiyoriy (kompaniya arizasiga binoan) yoki majburiy (sud orqali) bo‘lishi mumkin. Regulyator quyidagi hollarda faoliyatni to‘xtatish maqsadida sudga murojaat qilishi mumkin:
- operator tomonidan xabarnomada yolg‘on ma‘lumotlar taqdim etilganda;
- aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmaganda;
- talablar muntazam buzilganda yoxud ayrim shartlar bir marta qo‘pol ravishda buzilganda (O‘zbekistonda yuridik shaxsning mavjudligi, o‘z axborot tizimiga egalik).
Hujjat Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinganidan besh hafta o‘tib — 24-sentabrdan kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda dividendlar va obligatsiyalarga nol foizli soliqni 2038-yilgacha uzaytirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.