Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.
Unda viloyatning transport va logistika imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yirik loyihalar belgilandi.
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li hisobiga yuk tashish hajmini 10 karra oshirib, yiliga 15 mln tonnaga yetkazish imkoni paydo bo‘ladi.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha Qo‘rg‘ontepa va Xonoboddagi 300 gektar maydonda $600 mln lik logistika kompleksi loyihasini boshlash topshirildi.
Qirg‘iziston bilan “Do‘stlik” postiga nisbatan ikki barobar katta “Keskanyor” chegara postini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Uch oyda uning loyihasini ishlab chiqib, qurilishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Bu yuk tashish hajmini 2−3 karra oshirish va muddatini bir haftaga qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yangi transport oqimiga mos ravishda 78 kilometrli Xonobod — Andijon pulli avtomobil yo‘lini loyihalashga kirishilishi ma’lum qilindi.
Prezident kelgusi yil Toshkent — Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishini bildirdi.
Sentabr oyidan boshlab Toshkent — Andijon tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi. Natijada safar vaqti 6 soatdan 4 soatga qisqardi. Bir tomonga chipta narxi 268 190 so‘m etib belgilangan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yagona raqamli transport tizimini yaratish taklif qilingani haqida yozgan edi.
