10-sentabr kuni Toshkent-Andijon-Toshkent yo‘nalishida Xitoyning CRRC-Dalian kompaniyasi ishlab chiqargan elektropoyezd qatnovi boshlandi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
730-sonli elektropoyezd soat 09:20 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan Andijon yo‘nalishida ilk qatnovini amalga oshirdi. Poyezd Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilon bekatlari orqali harakatlanib, soat 13:35 da Andijon vokzaliga yetib bordi.
Yangi elektropoyezd 4 ta vagondan iborat bo‘lib, 357 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Narx esa bir tomonga 268 190 so‘mni tashkil etadi.
Yo‘l vaqti to‘rtta oraliq bekatni hisobga olgan holda 4 soat 15 daqiqani tashkil etadi. Hokimlik avval ushbu yo‘nalishda poyezd safarlari 6−7 soatgacha davom etganini ta’kidladi.







Qatnovning yo‘lga qo‘yilishi Toshkent va Andijon o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish hamda hududning turizm salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avgust oyida Toshkent va Andijon o‘rtasida sinov tarzida tezyurar poyezd harakati yo‘lga qo‘yilgandi. Xitoydan olib kelingan poyezd 160 km/soat tezlikda harakatlanib, Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan masofani qariyb 3 soatda bosib o‘tadi.
Toshkent-Andijon-Toshkent yo‘nalishidagi ushbu elektropoyezdning qatnov vaqti quyidagicha:
| №730 (Andijonga) | Vaqt | №729 (Toshkentga) | Vaqt |
|---|---|---|---|
| Toshkent-yo‘lovchi | 9:20 | Andijon | 15:38 |
| Angren | 10:25 | Marg‘ilon | 16:11 |
| Pop | 12:00 | Qo‘qon | 16:43 |
| Qo‘qon | 12:28 | Pop | 17:11 |
| Marg‘ilon | 13:00 | Angren | 18:50 |
| Andijon | 13:35 | Toshkent-Passajirskiy | 19:53 |
Spot, avvalroq, Xiva va Buxoro o‘rtasida 9-sentabrdan Xitoy elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.






