Google YouTube’ning yangi dizaynini sinovdan o‘tkazmoqda, deya xabar bermoqda Android Authority nashri.
Unda izohlar bo‘limi va video haqidagi batafsil ma’lumotlar yana o‘ng tomondagi alohida yon panelga ko‘chiriladi, tavsiya etilgan videolar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri pleyer ostiga joylashtiriladi.
Odatdagidek, yangi interfeys hozircha faqat ayrim foydalanuvchilarga yoqilgan va ularning aksariyati bundan norozi.
Ko‘plab foydalanuvchilar interfeysda keskin o‘zgarishlar paydo bo‘lganini yozmoqda. Yangi ko‘rinishda asosiy videopleyer izohlar, video tavsifi va interaktiv bo‘limlar joylashgan vertikal panel bilan o‘ralgan.


Videopleyer ostida esa kattalashtirilgan tavsiya videolari miniatyuralaridan iborat to‘r joylashgan. Natijada videolarni tomosha qilish noqulaylashadi, video oynasi sezilarli darajada kichrayadi va ish stoli kompyuteridagi ko‘rish maydoni ortiqcha elementlar bilan to‘lib qoladi.
Qayd etilishicha, YouTube o‘zgarishlarga izoh bermagan, shu sababli tajriba tafsilotlari noma’lum.
Android Authority ta’kidlashicha, kompaniya 2024-yilda ham bloklarni shu tarzda joylashtirishni sinab ko‘rgan va foydalanuvchilar o‘shanda ham salbiy munosabat bildirgan.
2026-yil sentabrida YouTube Custom Feeds funksiyasini e’lon qildi. U kayfiyat va qiziqishlarga mos alohida video lentalarini yaratish imkonini beradi.
Avvalroq Spot YouTube Shorts’da qayta yuklangan videolarni kamroq tavsiya qilishi haqida yozgandi.
O‘zgarish boshqa mualliflarning videolarini deyarli o‘zgartirmasdan qayta yuklaydigan yoki jamlaydigan kanallarga taalluqli hisoblanadi.

