Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda ikki mamlakatning 200 nafardan ziyod rasmiy va ishbilarmon doira vakillari, yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari, xususan, Serbiyaning Galenika, AbelaPharm, Gosa FOM, YUMCO, Luss Textile kabi kompaniyalari qatnashdi.
O‘zaro yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hisobiga o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha marra belgilangan. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.
O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida ma’lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyev Serbiya bilan hamkorlikni rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalishini belgilab bergan. Ular orasida mashinasozlik va elektrotexnika, farmatsevtika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, raqamli iqtisodiyot bor.
Mamlakat yetakchisi Serbiya biznesi uchun O‘zbekistonda qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratishga hamda har bir qo‘shma loyihani amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Mashinasozlik va elektrotexnika
Birinchi yo‘nalish sifatida mashinasozlik va elektrotexnika sohalari qayd etildi. Mirziyoyevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Serbiya avtomobil sanoatida hamkorlik qilish uchun katta salohiyatga ega.
Davlat rahbari ikki mamlakat avtomobil sanoatida General Motors, Volkswagen, Kia va BYD bilan hamkorlikda yiliga qariyb 500 mingta avtomobil ishlab chiqarilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlarini 70 dan ortiq mamlakatga eksport qilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Serbiya kompaniyalariga avtomobil va sanoat ehtiyot qismlari, butlovchi qismlar, uskunalar, transformatorlar hamda avtomatlashtirish tizimlarini birgalikda ishlab chiqarishni taklif qildi. Prezident bu borada Gossafom kompaniyasi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini qayd etdi.
“Bu sohada Gosa FOM kompaniyasi bilan hamkorlik qilish uchun katta istiqbollarni ko‘ryapmiz. Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, biz birgalikda ishlash uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib beramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Farmatsevtika
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish farmatsevtika bo‘ldi. O‘zbekiston farmatsevtika bozori qariyb $3 mlrdni tashkil etadi. Mirziyoyev Serbiya kompaniyalarini O‘zbekiston bozorida faolroq ishtirok etishga chaqirdi. Bunda asosiy maqsad faqat dori-darmon importini oshirish emasligi bildirildi.
Prezident Serbiya bu sohada katta tajribaga ega ekanligini qayd etib, dori-darmon savdosidan texnologiyalar transferiga o‘tish — qo‘shma korxonalar tashkil etish va farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
“Bizda buning uchun juda yaxshi baza yaratilgan. Farmatsevtika klasteri tashkil etilgan. Xorijiy hamkorlar uchun barcha sharoitlar mavjud. Sizlarni ishontirib aytamanki, serb kompaniyalari uchun biz qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Bu sohalarda Galenika va Abela Farm kabi serb kompaniyalari bilan hamkorlik qilish uchun katta salohiyat borligini ko‘ryapmiz”, — dedi davlat rahbari.
Yengil sanoat
Uchinchi yo‘nalish sifatida yengil sanoat ko‘rsatildi. O‘zbekistonda yiliga 4,5 mln tonnadan ortiq paxta xomashyosi yetishtirilishi, bu Markaziy Osiyo mintaqasi uchun juda katta ko‘rsatkich ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq qo‘shilgan qiymat zanjiri shakllangan, to‘qimachilik mahsulotlari 75 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.
Shu sababli O‘zbekiston ishlab chiqarish imkoniyatlari va serb kompaniyalarining tajribasini birlashtirib, kiyim-kechak hamda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi.
Ayni paytda YUMCO va Luss Textile kompaniyalari bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Prezident bu yo‘nalishda hamkorlikni izlayotgan korxonalar ko‘pligini bildirdi.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati
To‘rtinchi yo‘nalish qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini qamrab oladi. O‘zbekistonning katta agrar bazasi va sig‘imli bozori mavjudligi qayd etildi. Mamlakat gilos, shaftoli, olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoning eng yirik 10 ta davlati qatoriga kiradi.
Mirziyoyev Serbiyaning seleksiya, urug‘chilik va agrar texnologiyalar sohasidagi tajribasini O‘zbekiston uchun muhim deb atadi. Novi Sad instituti bilan bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi.
“Bizga ilmiy texnologiya va tajribalar kerak. Serbiyada esa ular bor. Agar sizlar O‘zbekistonga kelsangiz, biz sizlar uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib beramiz. Bu o‘zaro manfaatli sheriklik bo‘ladi. Hamkorlarimizni qishloq xo‘jaligi xomashyosini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga taklif qilamiz”, — dedi prezident.
Davlat rahbari O‘zbekiston qo‘shma agroklaster tashkil etishga tayyorligini bildirib, bu borada mamlakat yaxshi tajribaga ega ekanini qayd etdi.
Raqamli iqtisodiyot
Beshinchi yo‘nalish raqamli iqtisodiyot bo‘ldi. Prezident Serbiyada IT sohasi va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kuchli klaster shakllanganini ta’kidladi. O‘zbekistonda ham IT sanoati jadal rivojlanayotgani, qisqa vaqt ichida IT xizmatlari eksporti $1 mlrddan oshgani bildirildi. “Bizda katta maqsadlar va yaxshi baza bor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
22−25-sentabr kunlari Toshkentda xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi o‘tkaziladi. Uning doirasida serb kompaniyalari uchun alohida biznes-forum tashkil etilishi rejalashtirilgan. Prezident bu dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratishini qayd etdi.
Mirziyoyev siyosiy ishonchni qo‘shma korxonalar, investitsiyalar, texnologiyalar va yangi ish o‘rinlari bilan mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
U Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan muzokaralar yakunida Belgradda O‘zbekistonning alohida diplomatik vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma’lum qildi. Diplomatlarni kelasi haftaning o‘zida Serbiyaga yuborish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Prezidentning ta’kidlashicha, yangi aviaqatnovlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev biznes-forum O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy ishbilarmonlik sherikligining yangi bosqichini boshlab berishiga ishonch bildirdi.
“Sizlarga muvaffaqiyat, tinchlik va farovonlik tilayman. Tarixiy tashrifimiz amalga oshdi va biz uning natijalaridan juda mamnunmiz. Biz sizlarni O‘zbekistonda kutib qolamiz. Biz serb kompaniyalarining O‘zbekiston bozorida faol ishtirok etishi uchun bel bog‘laganmiz. Bu Markaziy Osiyodagi katta va sig‘imli bozor”, — deya xulosa qildi prezident.
Avvalroq Spot Serbiya O‘zbekistonga ballistik raketalar ishlab chiqarishda hamkorlik qilishni taklif qilgani haqida yozgan edi.




