10−31-oktabr kunlari Yandex Uzbekistan’ning Toshkentdagi ofisida backend dasturlash, sun’iy intellekt va algoritmlar bo‘yicha uch haftalik bepul Dev Camp intensivi bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar texnik bilimlarini chuqurlashtirish, kompaniyaning dasturchilari va jamoa rahbarlari bilan muloqot qilish, shuningdek, Yandex Uzbekistan’dagi amaliyotga qisqartirilgan saralash bosqichidan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Dastur, avvalo, backend dasturlashga qiziqadigan IT yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar va yaqinda oliy ta’lim muassasasini tamomlagan yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Ishtirokchilarning yoshi va ish tajribasiga nisbatan qat’iy talablar belgilanmagan. Mashg‘ulotlar rus va ingliz tillarida o‘tkaziladi.

O‘zbekistonning boshqa hududlaridan saralashda yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilarning Toshkentga borish-kelish va dastur davridagi yashash xarajatlarini kompaniya qoplaydi. Mashg‘ulotlarning kamida 70 foizida qatnashgan ishtirokchilarga kursni tamomlaganlik haqida sertifikat beriladi.

Arizalar 30-sentabrgacha qabul qilinadi. Dev Camp’da ishtirok etish uchun ariza topshirish va kirish topshirig‘ini bajarish kerak.
Reklama huquqlari asosida.