Avvalroq Spot 7-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston aholisini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash sohasidagi islohotlar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqqani haqida yozgandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Ahmedxadjayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi uchun zarur muhandislik infratuzilmasini yaratish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Bu suv tarmoqlarini tortish, elektr tarmoqlarini o‘tkazish, shuningdek, avtomobil va temiryo‘l qurilishini o‘z ichiga oladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bo‘lajak qurilish maydoniga borib, zarur ishlarning ko‘lami va hajmini o‘rgangan, hisob-kitoblarni aniqlashtirgan hamda loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni boshlagan.

Atom shaharchasini qurish bo‘yicha ham alohida topshiriq berilgan. Birinchi bosqichda 10 ming kishini uy-joy bilan ta’minlash uchun ko‘p qavatli uylar qurish rejalashtirilmoqda. Mutaxassislar loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish masalalarini ham joyida o‘rgangan.

“Prezident doimo, birinchi navbatda, sifat, muddat va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlarni qo‘yadi. Prezident bizdan talab qilayotgan uchta asosiy omil aynan shular”, — dedi O‘zatom rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu talablardan kelib chiqib, O‘zatom prezidentga taqdim etilgan rejalarni amalga oshirish va qo‘shimcha topshiriqlarni bajarishga kirishadi.

AESning birinchi bosqichini 2029-yilgacha yakunlash rejalashtirilmoqda. Shunda quvvati 55 MVt bo‘lgan birinchi kichik modul reaktori ishga tushiriladi.

Yana olti oy o‘tib, xuddi shunday quvvatga ega ikkinchi reaktor ham ishga tushiriladi. Natijada kichik AESning ikki energiya bloki umumiy 110 MVt quvvatga ega bo‘ladi.


Avvalroq Spot O‘zatom AES qurilishini nazorat qilish uchun qo‘shma muhandislik korxonasi tashkil etishi haqida yozgandi.