2025-yil va 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 1 217 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Bu haqda Hududgazta’minot matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya shu davrda 3 mingdan ortiq to‘satdan tekshiruv va reyd o‘tkazilganini ma’lum qildi. Suyultirilgan gazni noqonuniy sotishga ixtisoslashgan 471 ta “bunker” aniqlanib, ularning faoliyati to‘xtatilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida qiymati qariyb 2 mlrd so‘mlik 193,6 tonna suyultirilgan gaz hamda umumiy qiymati 8,7 mlrd so‘mlik 17 301 dona maishiy gaz ballonining noqonuniy sotilishi oldi olindi.

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyidagi xizmat tekshiruvlarida 1,4 ming tonna suyultirilgan gaz va 10 626 dona maishiy gaz balloni talon-toroj qilingani aniqlangan. Huquqiy baho berish uchun 25 ta material huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan va ular asosida 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hududgazta’minot suyultirilgan gazni noqonuniy sotish yoki boshqa qonunbuzarlik holatlari haqida kompaniyaning +99871 202−1104 yoki 1104 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki info@hududgaz.uz, antikorruptsiya@hududgaz.uz elektron pochtalari hamda @hgt_antikor_bot Telegram boti orqali xabar berishni so‘radi.

Avvalroq Spot aholi uchun ajratilgan gaz ballonlarini qimmat narxda sotish holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.