O‘zbekistonda ilk bor islomiy bank faoliyati uchun litsenziya berildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 23-oktabrdagi qaroriga (28/1-sonli) muvofiq, Open bank aksiyadorlik jamiyatiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun 1-I-sonli litsenziya berildi.

Bu O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun berilgan birinchi litsenziya hisoblanadi.

Mazkur litsenziya “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 5¹-moddasida nazarda tutilgan quyidagi islomiy moliya operatsiyalarini qamrab oladi:

  • foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish;
  • vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish;
  • tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish;
  • tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish;
  • birgalikdagi faoliyatni (sherikchilik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish;
  • mol-mulkni islomiy ijaraga berish (sotib olish huquqi bilan).

Regulyator bank xizmatlaridan foydalanishdan avval bankning tegishli litsenziyaga ega ekanini Markaziy bankning rasmiy veb-sayti orqali tekshirishni so‘ramoqda.

Iyul oyida Markaziy bank islomiy bank faoliyatini litsenziyalash tartibiga o‘zgartirishlar kiritdi. Yangi talablar islomiy bank tashkil etish, amaldagi banklarda “islomiy darcha” ochish va ularning faoliyatini tartibga soladi.

Islomiy bank faoliyati uchun alohida litsenziya talab etiladi. Arizalar ikki oygacha ko‘rib chiqiladi. Banklar islomiy moliya kengashi, maxsus bo‘linma va ichki auditni tashkil etishi, shuningdek, islomiy operatsiyalarni alohida hisobga olish imkoniga ega bo‘lishi kerak.

Islomiy moliya kengashi kamida uch kishidan iborat bo‘lib, a’zolari Markaziy bank bilan kelishiladi. Ular uchun tegishli oliy ma’lumot va AAOIFI sertifikatlariga oid talablar belgilangan. 2027-yil 1-iyuldan ilmiy darajaga ega shaxslar bundan mustasno, kengashning barcha a’zolari AAOIFI sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, bank rahbarlari uchun ish tajribasi talablari belgilandi. Masalan, bank boshqaruvi raisi bank yoki moliya tizimida kamida 10 yil, shundan besh yil rahbarlik tajribasiga ega bo‘lishi lozim.

Avvalroq Spot Markaziy bank birinchi islomiy moliya standarti — Murobahani joriy etishni taklif qilayotgani haqida yozgan edi.