Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB) hamkorlari bilan birgalikda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridagi istiqbolli kompaniyalarga sarmoya kiritishga mo‘ljallangan yangi fondni tashkil etmoqda.
Central Asia and Caucasus Private Equity Fund (CACPEF) deb nomlangan fond sanoatni rivojlantirish, kompaniyalarga uzoq muddatli kapital jalb qilish va ularning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Loyihada oltita tashkilot ishtirok etmoqda:
- Xitoy investitsiya korporatsiyasi (CIC);
- Ummon investitsiya boshqarmasi (OIA);
- O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi;
- Turkiyaning OYAK jamg‘armasi;
- Yevroosiyo taraqqiyot banki;
- Xitoyning Shenwan Hongyuan Securities kompaniyasi.
2026-yil 20-oktabrda Pekinda, Financial Street Forum doirasida, ushbu olti tashkilot vakillari fondni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik niyatlari to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan.
CACPEF Markaziy Osiyo va Kavkazdagi istiqbolli kompaniyalarga investitsiya kiritadi. Uning asosiy maqsadi — korxonalarning biznesini kengaytirishi, ishlab chiqarishni rivojlantirishi va yangi bozorlarga chiqishi uchun uzoq muddatli kapital bilan ta’minlash.
Fond Xitoy, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi institutsional investorlarning mablag‘lari, tajribasi va biznes aloqalarini birlashtiradi. Hamkorlarning xalqaro investitsiyalar, mahalliy bozorlarni bilish va moliyaviy xizmatlar sohasidagi imkoniyatlaridan foydalanib, mintaqa kompaniyalariga yangi texnologiyalar, tarmoq ekspertizasi va bozor resurslaridan foydalanishda yordam berish rejalashtirilgan.
Fond faqat bitta mamlakat yoki soha bilan cheklanmaydi. Uning geografik qamrovi Markaziy Osiyo va Kavkazni o‘z ichiga oladi. Biroq hozircha qaysi tarmoqlarga ustuvorlik berilishi, alohida kompaniyalarga qancha mablag‘ yo‘naltirilishi va investitsiya mezonlari haqida batafsil ma’lumot e’lon qilinmagan.
Yevroosiyo taraqqiyot bankining ma’lum qilishicha, CACPEF tashabbusida ishtirok etish bankning 2027−2031-yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga mos keladi.
Ushbu strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri a’zo mamlakatlar iqtisodiyotiga xalqaro kapital jalb qilish, jumladan, ixtisoslashgan investitsiya fondlaridan foydalanishdir.
YOTB boshqaruvi raisi o‘rinbosari Daniyar Imangaliyevning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalari o‘z faoliyatini kengaytirish hamda yangi bozorlarga chiqish uchun uzoq muddatli kapital kerak.
Xitoy, Ummon, O‘zbekiston va Turkiyadagi hamkorlar bilan ishlash xalqaro investitsiya imkoniyatlarini bankning mintaqaviy tajribasi bilan birlashtirishga yordam beradi.
Avvalroq Spot YTB O‘zbekistonda vakolatxonasini ochgani va $1,5 mlrd gacha sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.