Meta maxfiylik borasidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda kamerasiz aqlli ko‘zoynaklarni chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda The Information xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yangi qurilmaning ichki kod nomi Luna. Gadjet 23−24-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Connect konferensiyasida taqdim etilishi, sotuvlari esa oktabr oyida boshlanishi kutilmoqda.

Ko‘zoynakda kameralar bo‘lmaydi, biroq u oltita mikrofon va yo‘naltirilgan dinamiklar bilan jihozlanadi. Bu foydalanuvchilarga Meta AI chat-boti bilan qulay muloqot qilish imkonini beradi.

Ko‘zoynak dastagiga sun’iy intellektni tezda faollashtirish uchun maxsus tugma o‘rnatiladi. Dastaklar ham yupqaroq bo‘lib, qurilma oddiy kundalik ko‘zoynaklardan deyarli farq qilmaydi.

Kameradan voz kechilishi avvalgi modellarga nisbatan bildirilgan keskin tanqidlarga javob bo‘ldi. Jamiyatda ular hatto “buzuq odamlar ko‘zoynagi” deya atalgan.

Ayrim foydalanuvchilar yashirin suratga olish uchun ko‘zoynakdagi LED indikatorni o‘chirgan yoki yopib qo‘ygan.

Ekspertlarning fikricha, yangi model qurilmaning avvalgi bahsli obro‘sidan cho‘chigan xaridorlarni jalb qilishi mumkin. Gadjet Clubmaster va Burbank nomli ikki klassik dizaynda chiqariladi.


Avvalroq Spot Samsung kamera va Gemini yordamchisiga ega aqlli ko‘zoynakni taqdim etgani haqida yozgandi.

Kompaniya hozircha aqlli ko‘zoynakning aniq narxi, displey xususiyatlari va sotuv boshlanish sanasini oshkor qilmadi.