Samsung Londonda bo‘lib o‘tgan Galaxy Unpacked taqdimotida aqlli ko‘zoynakni namoyish etdi.

Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qurilma Galaxy ekotizimini smartfon doirasidan tashqariga kengaytiradi.

Ko‘zoynak ish jarayonida, sayohatlarda va qo‘llar band bo‘lgan vaziyatlarda kundalik foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Qurilma dizayni Gentle Monster va Warby Parker optika brendlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. U ikki xil variantda taqdim etildi: Gentle Monster’dan qora rangli va Warby Parker’dan jigarrang rangli model.

Qurilma Google’ning Gemini sun’iy intellekt yordamchisi va Android XR platformasi asosida ishlaydi. Shuningdek, unga o‘rnatilgan kamera sun’iy intellektga foydalanuvchi ko‘rib turgan manzarani ko‘rish va unga mos ravishda yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

Samsung taqdim etgan aqlli ko‘zoynak real vaqt rejimida nutqni tarjima qilish, navigatsiya va atrof-muhit bo‘yicha tavsiyalar berish, uzun xabarlarni qisqacha mazmun qilib berish hamda matnlarni ovoz chiqarib o‘qish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, ko‘zoynak “eslab qol” buyrug‘i orqali doskadagi yozuvlar yoki uchrashuvdagi muhokamalarni eslab qolib, asosiy ma’lumotlarni qayd sifatida saqlashi mumkin. Videoqo‘ng‘iroq vaqtida esa suhbatdoshga foydalanuvchi ko‘rayotgan manzarani birinchi shaxs nigohi orqali uzatadi.

Qurilma Galaxy ekotizimidagi qurilmalar bilan ovozli buyruqlar va imo-ishoralar yordamida boshqariladi. Samsung ma’lumotiga ko‘ra, ko‘zoynak bir quvvat bilan 9 soatgacha ishlaydi, g‘ilofi esa uni yana 7 marta to‘liq quvvatlash imkonini beradi. Qurilmaga Snapdragon AR1 Gen1 protsessori o‘rnatilgan.

Kompaniya xavfsizlikka ham alohida e’tibor qaratgan. Ko‘zoynakda atrofdagilarni xabardor qilish uchun tasvirga olish indikatori mavjud bo‘lib, u yozuv amalga oshirilayotganini ko‘rsatib turadi.

Samsung hozircha aqlli ko‘zoynakning aniq narxi, displey xususiyatlari va sotuv boshlanish sanasini oshkor qilmagan. Kompaniya bu ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.

Google vakilining aytishicha, qurilmani yaqin vaqt ichida bozorga chiqarish rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot Samsung AQSHda o‘zining Galaxy Card kredit kartalarini chiqara boshlashi haqida yozgandi.