Samsung o‘zining Galaxy Card kredit kartasini taqdim etdi, deya xabar bermoqda Wired nashri.

Kartalarni Barclays banki chiqaradi, to‘lovlar esa Visa to‘lov tizimi orqali amalga oshiriladi. Foydalanuvchilar kartani qayta ishlangan po‘latdan tayyorlangan jismoniy yoki Samsung Wallet ilovasiga avtomatik ulanadigan virtual ko‘rinishda rasmiylashtirishi mumkin.

Jismoniy kartani rasmiylashtirgan foydalanuvchilar Samsung do‘konlarida onlayn va oflayn xaridlar uchun 5%, Samsung Wallet orqali to‘lov qilganda 3% keshbek oladi. Striming xizmatlariga obunalar uchun 2%, boshqa barcha xaridlar uchun esa 1% keshbek taqdim etiladi.

Bundan tashqari, karta ochilganidan keyingi uch oy ichida $2000 sarflagan mijozlarga $200 miqdorida bonus beriladi. Shuningdek, karta egalari kengaytirilgan texnik yordam va qurilmalarni himoya qilishni o‘z ichiga olgan Samsung VIP Advantage sodiqlik dasturiga a’zolik uchun 20% chegirma oladi.

Galaxy Card olish uchun Samsung qurilmasiga ega bo‘lish shart emas. Biroq Samsung Wallet orqali to‘lovlarda yuqori keshbekdan faqat Samsung qurilmalari foydalanuvchilari foydalana oladi. Kredit karta bo‘yicha foiz stavkasi har bir mijoz uchun alohida belgilanadi.

AQSHda Galaxy Card uchun arizalar 22-iyuldan qabul qilina boshlandi. Kompaniya hozircha dasturni boshqa mamlakatlarda ishga tushirish rejalari haqida ma’lumot bermagan.

Wired suhbatlashgan ekspertlar Samsung kartasini 2019-yilda taqdim etilgan Apple Card bilan taqqosladi. Ularning fikricha, bunday mahsulotlar uchun asosiy muammo kredit kartalari bozori allaqachon to‘yinganidir — AQSHdagi o‘rtacha bir xonadonda 3−4 ta kredit karta mavjud.

Javelin Strategy & Research kompaniyasining kredit masalalari bo‘yicha direktori Brayan Rayli Samsung’ning kredit kartalari bozoriga kirishini brend tanilishini oshirish va mijozlar sodiqligini kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.

Shu bilan birga, u kredit karta bo‘yicha to‘lanmagan qarzlar ko‘pincha bonus dasturlarining foydasini yo‘qqa chiqarishini ta’kidladi.

NerdWallet eksperti Sara Retner esa Galaxy Card, avvalo, Samsung Wallet’dan tez-tez foydalanadigan mijozlar uchun jozibador ekanini aytdi.

Uning fikricha, ilova orqali amalga oshirilgan har bir to‘lov uchun 3% keshbek taklifi kartaning eng kuchli afzalliklaridan biridir.


Avvalroq Spot Apple 28-iyuldan qurilmalarni ijaraga berish dasturini ishga tushirishi haqida yozgandi.

Dasturga iPhone, Mac, iPad va Apple Watch’ning so‘nggi modellari kiradi hamda muddat yakunida esa qurilmani sotib olish yoki yangi modelga o‘tish mumkin.