Markaziy bank xodimlarga ish haqini qaysi bank kartasiga olishni mustaqil tanlash imkonini beradigan yangi tizimni ishlab chiqdi. Bundan xabardor anonim manba Spot’ga ma’lum qildi.
Tizim Taqsim deb nomlangan. Hozirda ish beruvchilar amalda xodimlarni ma’lum bir bankni tanlashga majbur qiladi: ish haqi kompaniya hamkorlik qiladigan bank kartalariga markazlashgan holda o‘tkaziladi va xodim shu bank mijoziga aylanishiga to‘g‘ri keladi.
Spot’ga ma’lum bo‘lishicha, Taqsim tizimini 30-iyunda ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Biroq tizimning texnik murakkabligi sababli bu kechiktirilgan — ayrim tijorat banklari u bilan integratsiyalashuvga tayyor bo‘lmagan.
Mazkur tizim 2025-yil 27-noyabrdagi prezident qarori bilan berilgan topshiriq ijrosi doirasida ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, majburiy mijozlar auditoriyasidan voz kechgan holda foydalanuvchilarga bank kartasini ochish tanlovini yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan maqsad chakana bank va to‘lov xizmatlari bozorida raqobatni rag‘batlantirishga qaratilgan.
O‘tgan yil dekabriga qadar Markaziy bank fuqarolarga o‘z maoshini oladigan bank yoki elektron hamyon provayderini mustaqil tanlash huquqini beruvchi mexanizmni ishlab chiqishi, 2026-yilning iyun oyigacha esa o‘z boshqaruvidagi to‘lov tizimlarida ommaviy (to‘plamli) to‘lovlar funksiyasini joriy etishi kerak edi.
Spot ushbu masala yuzasidan Markaziy bankka so‘rov yuborgan, biroq material e’lon qilingan vaqtga qadar javob olinmagan.
Avvalroq Spot yagona QR-kod biznes uchun boshqa to‘lov QR-kodlarini bekor qilmasligi haqida yozgan edi.