O‘zbekiston va Shvetsiya kadrlar tayyorlash hamda o‘zbekistonlik fuqarolarni mamlakat mehnat bozoriga jalb etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirmoqda.

13-noyabr kuni Stokgolm shahrida shu masalalarga bag‘ishlangan “O‘zbekiston — Shvetsiya: ko‘nikmalar, iste’dodlar va mehnat migratsiyasi” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Forumda o‘zbekistonlik mutaxassislarni Shvetsiyadagi ish beruvchilar bilan bog‘lash, ularni kasbiy va til bo‘yicha tayyorlash, shuningdek, xorijda qonuniy ishga joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xususan, Shvetsiyada qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, qurilish, muhandislik va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj qayd etildi.

Mamlakatning shimoliy hududlarida ham ishchi kuchi yetishmovchiligi mavjudligi ta’kidlandi. Shuningdek, o‘zbekistonlik hamshiralarni tayyorlash va ularni Shvetsiyada ishga joylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda Shvetsiyaning ish beruvchilar va rekruting tashkilotlari bilan hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Jumladan, Latviyaning SIA BRIGG kompaniyasi bilan Shvetsiya mehnat bozoriga talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tanlash, ularni kasbiy va til bo‘yicha tayyorlash yuzasidan memorandum imzolandi.

Norvegiyaning VIZNOR kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligida mavsumiy va doimiy ishga joylashtirish, Daniyaning SPIRAS kompaniyasi bilan esa bo‘sh ish o‘rinlari va malaka talablariga oid ma’lumot almashish masalalari muhokama qilindi.

Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025−2026-yillarda qariyb 100 nafar o‘zbekistonlik bitiruvchi va talaba Skandinaviya davlatlaridagi chorvachilik hamda parrandachilik xo‘jaliklarida amaliyot o‘tab, ishga joylashgan. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

2026-yil 10-iyunda Toshkentda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasidagi keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Hozircha Shvetsiyada ochiladigan ish o‘rinlari soni, maoshlar va ishga qabul qilish muddatlari bo‘yicha aniq ma’lumotlar e’lon qilinmagan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Shvetsiya 1,5 yillik migratsiya dasturini ishga tushirishi haqida yozgandi.