Tesla va SpaceX birlashish bo‘yicha bitimni 2026-yil dekabr oyidayoq e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg manbalariga tayanib yozmoqda.

Nashr tomonidan qayd etilishicha, biroq kompaniyalar birlashishni 2027-yil boshiga qoldirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Kompaniyalar direktorlar kengashlari birlashish shartlari va birlashgan kompaniyaning boshqaruv tuzilmasini kelishib olmoqda. Muhokama qilinayotgan masalalar orasida Tesla aksiyadorlari SpaceX’ning qancha aksiyasini olishi ham bor.

Bloomberg ta’kidlashicha, Tesla va SpaceX’ning ehtimoliy birlashuvi tarixdagi eng yirik korporativ bitimga aylanishi mumkin. SpaceX’ning qiymati $1,9 trln ga baholanmoqda, Tesla’ning bozor kapitallashuvi esa $1,5 trln dan oshadi.

Kompaniyalarning birlashuvi elektromobillar, raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar va akkumulyatorlar ishlab chiqaradigan, shuningdek, sun’iy intellekt uchun infratuzilma yaratadigan yirik konglomeratni tashkil etish imkonini beradi.

Nashrning qayd etishicha, birlashuvning asosiy maqsadi sun’iy intellektdan kosmik sanoat, haydovchisiz transport va robototexnika sohalarida foydalanishni kengaytirishdan iborat.

Kompaniyalar allaqachon bir nechta yo‘nalishda hamkorlik qilmoqda. Ular orasida Texasda Terafab chip ishlab chiqarish zavodini qurish loyihasi ham bor.

2026-yil oktabr oyida har ikki kompaniya rahbari Ilon Mask investorlar bilan suhbat chog‘ida SpaceX va Tesla’ning birlashuvini “yaxshi g‘oya” deb atagan edi.

Shuningdek, u direktorlar kengashlari birlashish rejalarini muhokama qilish uchun maxsus qo‘mitalar tuzganini ma’lum qilgan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bitimga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri Tesla’ning Xitoydagi faoliyatidir.

SpaceX AQSH hukumatining mudofaa sohasidagi yirik pudratchilaridan biri hisoblanadi, Tesla esa Xitoyda katta ishlab chiqarish quvvatlariga ega.

Nashr 2026-yil yozida Tesla SpaceX bilan birlashish uchun Xitoydagi biznesini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqishni boshlagani haqida xabar bergandi.


Avvalroq Spot SpaceX sun’iy intellekt ishlab chiquvchisi xAI bilan birlashgach, rebrendingni rasman yakunlangani haqida yozgandi.