Paxta terimida majburiy va bolalar mehnatining oldini olish bo‘yicha monitoring boshlandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.

Mavsum davomida majburiy va bolalar mehnatining oldini olish, shuningdek, terimchilarning mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat shtab va maxsus ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ish beruvchilar va fermer xo‘jaliklari hech kimni paxta terimiga majburan jalb qilmasligi, bolalar mehnatidan foydalanmasligi kerak.

Shuningdek, ishchilar bilan mehnat munosabatlarini qonunchilik asosida rasmiylashtirib, ish vaqti, dam olish va mehnatga haq to‘lash talablariga rioya etish talab etiladi.

Ota-onalardan maktab o‘quvchilarining paxta yig‘im-terimiga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik so‘raldi.

Mehnat huquqlari buzilgan yoki majburiy mehnat holatiga duch kelgan fuqarolar Davlat mehnat inspeksiyasining @munosibmehnat_bot manzili yoki 1176 qisqa raqami orqali murojaat qilishi mumkin.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev siyosiy iroda yo‘qligidan hamma paxtaga qul bo‘lingani haqida yozgandi.