Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.

2026-yilda Sirdaryo viloyatiga $2 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakat hududlarida yangi obyektlarni ishga tushirish marosimida ma‘lum qildi.

Turdimovning ta‘kidlashicha, 2016-yildan buyon Sirdaryo viloyati iqtisodiyot tarkibini o‘zgartirib, agrar hududdan sanoati rivojlangan viloyatga aylandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda investitsiyaviy faollik sezilarli darajada o‘sgan: agar 10 yil avval investitsiyalar deyarli bo‘lmagan bo‘lsa, endi viloyat bir yilda $2 mlrd jalb qilishni ko‘zlamoqda. “Aytishga ham odam uyaladi”, — deya qayd etdi u.

“Umuman, Sirdaryoda ham birov ishonarmidi $2 mlrd investitsiya olib kelish mumkinligini? Hech kim ishonmasdi. Qilsa bo‘lar ekan-ku”, — dedi prezident.

Hokim Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi ko‘rsatkichlarini alohida keltirib o‘tdi. Agar ilgari bir gektar yerga $1 mln investitsiya to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirda loyihalar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich gektariga $3,8 mlnga yetgan.

Turdimovning aytishicha, tadbirkorlikning rivojlanishi va qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi islohotlar va yaratilgan sharoitlar tufayli mumkin bo‘ldi. Shuningdek, u O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari mustahkamlanayotganini ham ta‘kidladi.

erkinjon turdimov, investitsiya, paxta, prezident, shavkat mirziyoyev, sirdaryo

Hokim ta‘lim tizimidagi o‘zgarishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. U ilm-fanga asoslangan 11 yillik ta‘lim tizimiga o‘tilganini qayd etib, endilikda maktab o‘quvchilari paxta dalalaridagi ishlarga jalb qilinmayotganini ma‘lum qildi.

Turdimov, shuningdek, o‘tkazilayotgan islohotlar O‘zbekistonning dunyodagi o‘rnini o‘zgartirgani va mamlakatning paxtaga qaramlikdan voz kechishiga imkon berganini aytdi. U bu o‘zgarishlar izchil davlat siyosati natijasi ekanini ta‘kidladi. “Bu narsalar o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q”, — deya urg‘uladi u.

“Lekin hamma unutib yubordi u qullikni. Siyosiy iroda yo‘qligidan hammamiz paxtaga qul edik haqiqatdan. 24 soat, 12 oy shudgor, chekanka, defolyatsiya, terim bilan shug‘ullanar edik. Boshqa hech nima bilan shug‘ullanmasdik”, — dedi prezident.

erkinjon turdimov, investitsiya, paxta, prezident, shavkat mirziyoyev, sirdaryo

So‘zi yakunida hokim Sirdaryo viloyati ahli yuksak kayfiyatda ekanini va prezident tomonidan qo‘yilgan vazifalarni vijdonan bajarishga qat‘iy ahd qilganini bildirdi.

Spot, avvalroq, Jizzax viloyati bu yil $2,7 mlrd investitsiya jalb qilishi haqida yozgandi.