Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini Xalq banki’dan Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazgandan so‘ng, ularni investitsiya kompaniyalariga boshqaruvga berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25-sentabr kuni Pensiya islohoti loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda jamg‘armalar Pensiya jamg‘armasiga o‘tkaziladi, biroq jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi va Pensiya jamg‘armasining o‘zi alohida yuridik shaxslar bo‘ladi. Ular uchun alohida kuzatuv kengashlari, boshqaruv organlari hamda mustaqil strategik va institutsional siyosat ko‘zda tutilgan.
“Kuzatuv kengashi alohida bo‘ladi, ularning boshqaruv kengashlari alohida bo‘ladi, lekin pensiya tizimi tarkibida bo‘ladi”, — dedi Pensiya jamg‘armasi rahbari.
Kuzatuv kengashi tarkibiga mahalliy hokimiyat organlari, mahalliy biznes vakillari va xorijiy ekspertlarni kiritish rejalashtirilgan. Atadjanovning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘larni boshqarish va investitsiya siyosati bo‘yicha qarorlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan emas, balki kuzatuv kengashi qabul qiladi.
Shu bilan birga, mablag‘lar boshqaruvga o‘tkaziladigan investitsiya boshqaruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
“Sababi, hozir barcha mablag‘larni olib kelib, bir joyga jamlashimiz kerak”, — deya tushuntirdi u.
Pensiya islohoti loyihasi 2027-yildan boshlab jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini Xalq banki’dan Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazishni nazarda tutadi.
Jamg‘arma hisobvaraqlaridagi mablag‘lar, shu jumladan davlat budjetidan va ijtimoiy soliqdan qo‘shimcha to‘lovlar, shuningdek jamg‘armalarni investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishdan olingan daromadlar fuqarolarning shaxsiy mulki deb hisoblanishi taklif etilmoqda. Ularda ham vorislik huquqi saqlanib qoladi. Farmon loyihasining jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrga qadar davom etadi.
Avvalroq Spot Iqtisodiyot va moliya vazirligi nima uchun ijtimoiy soliq imtiyozlarini 2030-yilgacha bekor qilish rejalashtirilayotganiga izoh bergani haqida yozgan edi.