Jamshid Xoliqulov — Fido Studio raqamli agentligi asoschisi va bosh direktori, UI/UX mahsulot dizayneri hamda kreativ direktor. Agentlik 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, startaplar va SaaS kompaniyalari uchun interfeys va raqamli brending bilan shug‘ullanadi.
Fido Studio asoschisi.
Kitobga bo‘lgan munosabatim so‘nggi besh yilda tubdan o‘zgardi. Bolaligimizda kattalar “ko‘proq kitob o‘qi” deb takrorlashardi — bu gapning ma’nosini yaqindagina tushuna boshladim.
Nega aynan hozir, deb o‘zimga savol bersam, javob har doim bitta joyga borib taqaladi: hayotdagi va ishdagi tajriba. Tajriba ortgani sari kitobdagi gaplar quruq nasihat emas, o‘zingiz boshdan kechirgan holatlarning aniq tavsifiga aylanib boradi.
Bir nafasda o‘qib chiqqan birinchi kitobim Nuriddin Ismoilovning “O‘limga mahkum qilinganlar” asari bo‘lgan. Nega yoqdi, desangiz — o‘qish jarayonida barcha voqealar ko‘z oldimda xuddi kinodagidek o‘tgan. Ehtimol, keyinchalik kitobni “ko‘ra olish” qobiliyati dizayner sifatida ham menga qo‘l kelgandir.
Lekin bugun tavsiya qiladigan asosiy kitoblarim umuman boshqa yo‘nalishda. Bular meni avval dizayner, keyin esa tadbirkor sifatida shakllantirgan kitoblar — ularning har biri faoliyatimning aniq bir bosqichida paydo bo‘lgan va o‘sha bosqichni o‘zgartirgan.
Shu sababli o‘qishni tavsiya qiladigan kitoblarim ro‘yxatini siz bilan bo‘lishmoqchiman.
“Burn Your Portfolio”, Michael Janda
Mutolaasiga chuqur kirishib ketgan va bir necha marta qayta o‘qigan birinchi kasbiy kitobim. Muallif — AQSHlik taniqli dizayner va agentlik egasi — quruq nazariyani emas, balki o‘z hayotidagi voqealarni hikoya qiladi: mijozlar, muddatlar, xatolar, jamoa.
Kitobni o‘qib, unda o‘zimni ko‘rdim. O‘zimdagi asosiy muammolar va jarayonlar sahifalarda birin-ketin namoyon bo‘laverdi. Shunda tushundimki, kasbiy faoliyatdagi tajribalar dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qat’i nazar, hayratlanarli darajada o‘xshash — faqat har kim ularni turli vaqt va sharoitlarda anglab yetadi.
Kitobda shaxsiy faoliyatimga eng kuchli ta’sir qilgan fikr — mijoz sendan “yomon” dizayn so‘rasa ham, uni professional darajada bajarib ber.
Janda shunday misol keltiradi: agar mijoz Comic Sans shriftida chiroyli logotip so‘rasa, uni shunday tayyorlangki, ko‘rgan odam “bu professional darajada ishlangan” degan xulosaga kelsin. Bu gap mendagi “mijoz tushunmaydi” degan yosh dizayner kibrini sindirdi.
O‘shanda o‘zim tushunmagan mijoz og‘riqlarini, mijoz bilan qanday muloqot qilishni aynan shu kitobdan kashf qilganman. Bugun Fido Studio‘da mijoz bilan ishlash madaniyatining katta qismi shu kitobdan boshlangan.
Kitobdan yana ikki fikr menda muhrlanib qolgan. Birinchisi, dizayner dizayn sotmaydi, yechim sotadi. Janda ko‘p yosh dizaynerlar ishni shunchaki elektron pochtaga biriktirib yuborib, mijozdan “ko‘rib chiqing” deb kutishini tanqid qiladi. Uning fikricha, ish hech qachon o‘zi uchun o‘zi gapirmaydi — uni taqdim qilish, nima uchun aynan shu yechim tanlanganini tushuntirish kerak.
Bu meni o‘zgartirdi: bugun jamoamda hech bir maket “mana, tayyor” degan xat bilan yuborilmaydi. Har bir ish qisqa bo‘lsa-da, mantiqiy asos bilan birga taqdim etiladi. Natijada mijozlardan keladigan “menga yoqmadi” qabilidagi mavhum javoblar deyarli yo‘qoldi — ularning o‘rniga aniq, ustida ishlash mumkin bo‘lgan fikr-mulohazalar olinadi.
Ikkinchisi, kitobning nomi ham shundan olingan: portfolio hal qiluvchi omil emas. Janda o‘z agentligiga odam yollaganida, teng darajadagi ikki dizaynerdan har doim muloqotga oson, muddatlarni hurmat qiladigan va xabarlarga tez javob beradiganini tanlaganini yozadi. O‘shanda bu fikr menga qattiq ta’sir qildi, chunki men ham “ishning o‘zi gapiradi” deb ishonardim.
Endi jamoaga odam yollaganimda va mijoz bilan uzoq muddatli ishlaganimda aynan shu mezonlarga e’tibor qarataman. Mijoz birinchi marta chiroyli dizayn uchun keladi, lekin ikkinchi marta ishlash oson bo‘lgani uchun qaytib keladi.
Kitobni endigina ish boshlayotgan dizaynerlarga, frilanserlarga va mijozlar bilan ishlashda “nega tushunmayapti?” degan savolga qayta-qayta duch kelayotgan har qanday ijodkorga tavsiya qilaman.

“About Face: The Essentials of Interaction Design”, Alan Cooper, Robert Reimann, David Cronin, Christopher Noessel
Bir necha muallif tomonidan ilmiy, lekin ommabop uslubda yozilgan bu kitob ish faoliyatimda katta burilish yasadi. Bugungi UI/UX product-dizayn faoliyatimning poydevori, asosiy bilim va tajribamning asosi deb bemalol ayta olaman.
Kitob dunyoda interfeys va dizayn qanday asosda, qanday bosqichlarda yaratilishini, biz yashayotgan smartfonlar davri qanday ilm ustiga qurilganini hikoya qiladi. Har bir muallif o‘zining qimmatli tajribasini beradi, dunyoning texnologik kompaniyalari o‘z mahsulotlarini qanday yaratganini batafsil tushuntiradi. Bu shunchaki o‘qib qo‘yiladigan kitob emas — u stolda turadigan, qayta-qayta ochiladigan ma’lumotnoma.
Bu kitobdan olgan eng katta sabog‘im hozirgacha biznesim shiori bo‘lib kelmoqda: “Biz interfeys bilan xuddi inson anatomiyasi kabi chuqur shug‘ullanamiz”. Chunki kitob interfeysni bezak emas, balki tirik organizm sifatida ko‘rishga o‘rgatadi: har bir tugma, har bir o‘tishning o‘z vazifasi va sababi bor.
Kitobning meni eng ko‘p o‘zgartirgan ikki g‘oyasi bor. Birinchisi, maqsadga yo‘naltirilgan dizayn va persona tushunchasi. Kuperning ta’kidlashicha, foydalanuvchini “hamma” deb tasavvur qilish eng xavfli xatodir: hamma uchun yaratilgan mahsulot hech kim uchun qulay bo‘lmaydi.
Buning o‘rniga u aniq ism, kasb va maqsadga ega bir nechta persona yaratishni taklif qiladi va har bir qarorni “Bu narsa uning maqsadiga xizmat qiladimi?”, degan savol orqali tekshiradi. Bu yondashuv bizda odat tusiga kirgan: loyiha boshida mijoz bilan birgalikda “bu ilovadan kim foydalanadi va u aslida nimaga erishmoqchi?”, degan savolga javob topmagunimizcha, birorta ham ekran chizilmaydi. Ko‘p hollarda aynan shu bosqichda mijoz o‘z mahsulotiga yangicha ko‘z bilan qaray boshlaydi.
Ikkinchisi, implementatsiya modeli va mental model o‘rtasidagi farq. Dasturchi mahsulotni “ichkarida u qanday ishlaydi” deb ko‘radi, foydalanuvchi esa “men undan nimani kutaman”, deb. Interfeys birinchisiga emas, ikkinchisiga xizmat qilishi kerak. Bu oddiy gap, ammo bozordagi ko‘plab ilovalar aynan shu farqni anglamagani uchun ham murakkab. Bugun har bir loyihada o‘zimga bitta savol beraman: bu ekran texnik tuzilmani aks ettiryaptimi yoki inson ongiga xos tasavvurni?
Kuperning yana bir iborasi ham ish stolimda turadi — dasturiy mahsulot xushmuomala odamdek bo‘lishi kerak: keraksiz savollar bermaydi, xatoyingiz uchun sizni ayblamaydi va ishingizni eslab qoladi.

“The Designer’s Dictionary of Color”, Sean Adams
Bu kitobni kundalik ish qurolim desam ham to‘g‘ri bo‘ladi. So‘nggi besh yilda u mening asosiy hamrohim bo‘ldi — shu paytgacha ishlab chiqqan deyarli barcha brendlarimning ranglarini aynan shu kitob bilan “maslahatlashib” tanlaganman.
Bu kitob faqat dizaynerlar uchun, deb aytish noto‘g‘ri bo‘ladi. U biznes egalari va marketologlar uchun ham katta bilim manbaidir. Kitob biz har kuni ko‘radigan va ko‘rmaydigan barcha ranglar haqida: ularning ma’nosi, kelib chiqish tarixi, psixologik ta’siridan tortib, biznesda qanday qo‘llanilishigacha — har bir rang bo‘yicha alohida muhim ma’lumotlarni beradi.
Rang tanlash shunchaki “menga yoqdi”, degan hissiyot emas, balki sababi tushuntirib beriladigan qaror bo‘lishi kerak. Bu kitob mijozning “nega aynan shu rang?”, degan savoliga har doim asosli javob berish imkonini yaratadi.
Amaliyotdan ikki misol. Birinchisi, bir rang turli bozorda turlicha o‘qiladi. Adams har bir rangni tarix va madaniyat orqali ochib beradi, bu esa xorijiy mijozlar bilan ishlashda muhim ahamiyatga ega. Bir mijoz uchun oq rang tozalik va minimalizmni anglatsa, boshqa madaniyatda u motam rangidir. Qizil rang bir bozorda energiya va shoshilinchlikni, boshqasida esa xavf va taqiqni bildiradi.
Moliya sohasidagi loyihalarda esa ko‘k rangning “ishonch” ma’nosini anglatishi nega bank brendlarida shunchalik ko‘p takrorlanishini kitob tarixiy misollar bilan tushuntirib beradi. Shuning uchun har bir yangi loyihada avval mijozning bozori va auditoriyasi haqida so‘rayman, shundan so‘nggina kitobni ochaman.
Ikkinchisi, rangga “egalik qilish”. Kitobda ba’zi brendlar bitta rangni shunchalik izchil ishlatganki, u rang brendning o‘zisiz ham tanilishi haqida yoziladi.
Bundan chiqargan xulosam: kichik va yosh brend uchun o‘z sohasidagi yetakchining rangini takrorlash — o‘zini ko‘rinmas qilish bilan barobar. Brending loyihalarida raqobatchilarning ranglarini bitta varaqqa terib chiqamiz va bo‘sh qolgan hududni qidiramiz. Bu oddiy mashq mijozga “logotip” emas, balki bozordagi o‘rni haqida o‘ylashni o‘rgatadi.
Kitobni brend yaratayotgan tadbirkorlarga, marketologlarga va “rangni his qilaman” deb dalil keltirishga qiynaladigan dizaynerlarga tavsiya qilaman.

“Business Model Generation”, Alexander Osterwalder, Yves Pigneur
Bu kitobni o‘zim uchun yaqinda kashf qildim va hozir ayni shuni o‘qiyapman. Nega aynan bu kitob, degan savolga javob oddiy: shaxsiy tajriba va oldimdagi yangi maqsadlar. Dizayner sifatida ko‘p narsani o‘rgandim, endi tadbirkor sifatida o‘zimga savol berish vaqti keldi — bu kitob esa ularni to‘g‘ri berishni o‘rgatmoqda.
Kitob menga yoqqanining birinchi sababi, uning dizaynerlar tilida yozilganidir. Ostervalder va Pinyor biznesni jadval va matnlar bilan emas, balki vizual tarzda tushuntiradi: har bir sahifa sxema, rasm va misollardan iborat. Kitobning o‘zi 45 mamlakatdan 470 nafar amaliyotchi bilan hamkorlikda yaratilgan va bu yaqqol sezilib turadi — u xonada emas, balki real bozorda yozilgan.
Asosiy vosita — Business Model Canvas, biznesni bitta varaqda to‘qqizta blokka ajratib ko‘rsatadigan model: mijoz segmentlari, qiymat taklifi, kanallar, mijozlar bilan munosabatlar, daromad manbalari, asosiy resurslar, faoliyat, hamkorlar va xarajatlar.
Men uni birinchi marta Fido Studio uchun to‘ldirganimda hayratda qoldim: besh yildan beri yuritib kelayotgan biznesim bitta varaqqa sig‘ar ekan — va aynan shu varaqda men shu paytgacha ko‘rmagan bo‘shliqlar yaqqol ko‘zga tashlandi. Masalan, biz “qiymat taklifi” blokini juda yaxshi bilar edik, “mijozlar bilan munosabatlar” va “kanallar” bloklarini esa intuitsiyaga tayanib yuritayotgan ekanmiz.
Kitobning menga eng yoqqan qismi, biznes-model patternlari bo‘limi. Mualliflar dunyodagi kompaniyalarni takrorlanadigan modellarga ajratadi: “bepul” modeli, ko‘p tomonlama platformalar, “uzun dum”, ochiq biznes-modellar.
Nespresso misoli ayniqsa yodda qoldi: kompaniya shunchaki qahva sotishdan, qahva mashinasi orqali kapsulalarga bog‘langan mijozlar bazasini yaratishga o‘tgan. Shu misolni o‘qib, o‘z xizmatlarimizga boshqacha nazar bilan qaradim: agentligimiz bir martalik loyiha sotadimi yoki uzoq muddatli munosabatlar quradimi? Bu savolning javobi butun strategiyani o‘zgartiradi.
Yana bir qimmatli jihati shundaki, kitob biznes-modelga ham dizayn qilinadigan obyekt sifatida qaraydi. Unda dizayn sohasidan olingan usullar: persona, prototiplash, ssenariylar, vizual fikrlash — biznesga tatbiq qilinadi. Men uchun bu ikki dunyoning uchrashuvidir: yillar davomida interfeys uchun ishlatib kelgan vositalarim endi biznesning o‘zi uchun xizmat qiladi.
Bugun ushbu kitobdan nafaqat o‘zim, balki mijozlarim uchun ham foydalanmoqdaman. Startap asoschisi bizga ilova dizaynini yaratish uchun kelganida, ekranlarni chizishdan oldin Canvas’ni birgalikda to‘ldirishni taklif qilaman. Ko‘p hollarda aynan shu bir soatlik mashg‘ulot mahsulotning qaysi qismi asosiy, qaysi qismi ortiqcha ekanini ko‘rsatib beradi va bu dizaynga sarflanadigan oylarni tejaydi.
Kitobni o‘zining ilk biznesini boshlayotgan yoki mavjud biznesini yangi bosqichga olib chiqmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga, shuningdek, o‘z kasbidan tadbirkorlikka o‘tayotgan mutaxassislarga tavsiya qilaman.

“Dyuna”, Frank Herbert
Kitob dunyosi juda keng, uning turlari, bilim va tajribasining cheki yo‘q. Ammo “eng yaxshi ko‘rgan kitobingiz qaysi?”, deb so‘rashsa, javobim bitta — Frank Gerbertning “Dyuna” asari.
Xoh kitob, xoh film bo‘lsin, fantastika janriga azaldan qiziqaman. Uni birinchi marta ekranda ko‘rganman va shu zahotiyoq kitobini qo‘lga olganman. O‘qib juda hayron qoldim — bu men yaxshi ko‘rgan filmning tugamas, batafsil davomi edi. Kitob har bir voqeani, har bir qahramonning ichki dunyosini shunday ochib beradiki, uni qanchalik tez o‘qib tugatganimni bilmay qoldim.
Voqealar uzoq kelajakda, Arrakis deb nomlangan cho‘l sayyorasida kechadi. Bu sayyorada suv oltindan qimmatroq, ammo butun koinot uning “ziravor"i — melanj uchun kurashadi, chunki usiz yulduzlararo sayohat qilish imkonsiz. Yosh Pol Atreydes oilasi bilan bu sayyoraga hukmdor sifatida keladi, xiyonat tufayli bor-yo‘g‘idan ayriladi va cho‘lda yashovchi fremenlar orasida o‘zligini yangidan topadi.
Menga bu kitobning yoqqan tomoni shundaki, u fantastika niqobi ostida inson va hokimiyat haqidagi eng jiddiy savollarni o‘rtaga tashlaydi. Kitobda lazer va kosmik janglar emas, balki siyosat, ekologiya, din va yetakchilik masalalari asosiy o‘rin tutadi. Gerbert 1965-yildayoq cho‘l sayyorasining butun ekotizimini shunday sinchkovlik bilan yaratganki, uni o‘qib, bugungi “brend ekotizimi” yoki “mahsulot ekotizimi” degan iboralar aslida qanchalik chuqur tushuncha ekanini his qilasiz.
Kitobdagi ikki narsa menda alohida taassurot qoldirdi. Birinchisi, fremenlar. Ular eng og‘ir sharoitlarda yashaydigan, ammo bu sharoitni kamchilik emas, balki kuch manbaiga aylantira olgan xalqdir. Ular cho‘lni o‘zgartirishga emas, u bilan uyg‘unlikda yashashga o‘rgangan. Bu men uchun kichik bozorda, cheklangan resurslar bilan ishlaydigan har bir jamoa uchun ibratli obrazdir.
Ikkinchisi, Polning qo‘rquvga munosabati. Kitobda bir necha bor takrorlanadigan fikr bor: qo‘rquv aqlni o‘ldiradi, uni qochib emas, balki uning ichidan o‘tibgina yengish mumkin. Bu ibora menga yangi loyiha, yangi bozor yoki yirik mijoz oldida turganimda ko‘p marta yordam bergan.
Gerbert o‘z qahramonini oson yo‘l bilan g‘olib qilmaydi. Pol kelajakni ko‘ra oladi — lekin aynan shu qobiliyati uning zimmasiga eng og‘ir yukni yuklaydi, chunki har bir tanlovning oqibatini oldindan bilish insonni erkin qilmaydi, aksincha, bog‘lab qo‘yadi.
Menimcha, bu — rahbarlik haqida yozilgan eng ochiq satrlardan biri: qanchalik ko‘p narsani ko‘ra bilsang, qaror qabul qilishing shunchalik og‘irlashadi.
Kitobni tugatgach, Deni Vilnyovning filmlariga ham boshqacha ko‘z bilan qaradim — endi ekranda ko‘rsatilmagan, ammo menga ma’lum bo‘lgan qatlamlar bor edi. Bu, nazarimda, yaxshi kitobning eng katta sovg‘asidir.

