Markaziy bank fuqarolarning o‘zi va oila a‘zolari doimiy yashaydigan yagona uy-joyini kredit bo‘yicha garov sifatida qabul qilish yuzasidan banklarga tavsiyalar yubordi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Banklarga bunday kreditlarni ajratishda, avvalo, qarz oluvchining kreditni qaytarish imkoniyatini sinchiklab baholash, uy-joyning qiymati va likvidligini asosiy omil sifatida ko‘rmaslik hamda imkon bo‘lsa, boshqa ta‘minot usullarini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Shuningdek, kredit shartnomasi imzolanishidan oldin mijozga qarz qaytarilmasa, yagona uy-joyga undiruv qaratilishi va natijada u sotilishi mumkinligi aniq tushuntirilishi kerak.

Agar fuqaro yagona uy-joyini boshqa shaxs yoki tadbirkorning krediti uchun garovga qo‘ysa, kreditni o‘zi olmagan taqdirda ham qarz qaytarilmasa, uning uy-joyiga undiruv qaratilishi mumkin.

Qarzdorlik yuzaga kelganda, undiruv choralarini qo‘llashdan oldin qarz oluvchining moliyaviy holatini o‘rganish, kreditni restrukturizatsiya qilish yoki qarzdorlikni tartibga solishning boshqa imkoniyatlarini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Markaziy bank qayd etishicha, mazkur tavsiyalar yagona uy-joyni garovga qo‘yishni taqiqlamaydi. Ular mijozning to‘lov imkoniyatini to‘g‘ri baholash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni oldindan tushuntirish va mas‘uliyatli kreditlash amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan.

Spot avvalroq Toshkentda Jahon banki ishtirokida uy-joylarning energiya auditi o‘tkazilishi haqida yozgandi.