Yagona portalda foydalanuvchilarga o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari haqidagi ma‘lumotlarni bir joyda ko‘rish imkonini beruvchi yangi xizmat ishga tushirildi. Bu haqda portalning Telegram-kanalida xabar berildi.
Shuningdek, turli bank ilovalari orqali masofadan ochilgan virtual kartalar ham mazkur bo‘limda aks etadi.
Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga kirib, “Bank kartalari” bo‘limini tanlash kerak.
Hozirda xizmat test rejimida ishlamoqda va faqat O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi tijorat banklari kartalarini aks ettiradi.
2026-yil uchun tasdiqlangan davlat dasturida yil oxirigacha Yagona portalda fuqaro nomiga ochilgan bank kartasi va sim-kartalarni ko‘rish imkonini beruvchi xizmat yo‘lga qo‘yilishi belgilangan edi.
Iyul oyida qabul qilingan prezident qarori bilan fuqarolar o‘z nomiga olingan SIM-kartalar hamda bank kartalarini onlayn tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi qayd etildi.
Spot avvalroq ekologik ekspertiza uchun arizalar faqat Yagona portal orqali qabul qilinishi haqida yozgandi.