Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun ma’qullandi.

Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, bolaga otasining ismini familiya sifatida berish imkoniyati yaratilmoqda.

Senator Odiljon Mamatkarimovning ta’kidlashicha, amaldagi tartibga ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi.

Shuningdek, ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkin. Biroq hozirda otaning ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyati mavjud emas.

Senatorning qayd etishicha, bu holat ayrim fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

“Masalan, bolalar uyida ulg‘aygan otalar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlari o‘z bolalariga otalik huquqidan mahrum qilingan ota ismini familiya sifatida berishni xohlamaydilar”, — dedi u.

Xalqaro tajribada ham bunday amaliyot mavjud. Xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda bolaning familiyasini ota yoki boboning ismi bo‘yicha berish mumkin.

Shu sababli Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish imkonini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mamatkarimov mazkur o‘zgarish fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, milliy va diniy an’analarga muvofiq o‘z xohish-istaklarini amalga oshirish imkonini berishini ta’kidladi.


Avvalroq Spot Senat bozor nazorati to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagani haqida yozgandi.

Hujjat xavfli nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash va muomaladan chiqarish, ularni chaqirib olish hamda iste’molchilarni tezkor xabardor qilish tartibini belgilaydi.