Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “Bozor nazorati to‘g‘risida"gi qonun muhokama qilinib, ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda amalda bozorda inson hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki yoki atrof-muhit uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash, ularni muomaladan chiqarish hamda bu borada vakolatli davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yagona huquqiy asosda tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emasligi qayd etildi.

Qonun bilan bozor nazorati sohasida yagona huquqiy mexanizm joriy etilmoqda. Unda bozor nazoratining asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlari va iqtisodiy operatorlarning huquq hamda majburiyatlari, nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi, shuningdek, ta’sir choralarini qo‘llashning huquqiy asoslari belgilab berilgan.

Hujjatga ko‘ra, bozor nazorati xavf-xatarlarni baholash tamoyili asosida tashkil etiladi. Shuningdek, nazorat xaridlarini o‘tkazish, mahsulotlarni laboratoriya sinovidan o‘tkazish, xavfli mahsulotlarni muomaladan chiqarish va chaqirib olish, iste’molchilarni bunday mahsulotlar haqida tezkor xabardor qilish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Qonunda iqtisodiy operatorlarning huquqlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ularga bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish, nazorat materiallari bilan tanishish, audio va videoyozuvlarni amalga oshirish hamda vakolatli organlarning qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqi berilmoqda. Senatorlar bu normalar tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishini ta’kidladi.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi ichki bozorda faqat xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar muomalada bo‘lishini ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish, davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, hujjat halol tadbirkorlik muhitini mustahkamlash hamda mamlakatda bozor nazoratining zamonaviy va samarali tizimini shakllantirishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlarni erkin uzatish mumkin bo‘lgan davlatlarni tasdiqlagani haqida yozgan edi.