Biznes nomlari turli vazifalarni bajaradi: ayrimlari do‘kon yoki xizmat ko‘rsatish nuqtasini ifodalasa, boshqalari kompaniyaning rasmiy firma yoki bozorda tanilishiga xizmat qiluvchi brend sifatida shakllanadi. Tovar belgisi va firma nomini tanlash esa oddiy jarayon bo‘lib ko‘rinsa-da, puxta tahlil va bir necha bosqichli tekshiruvlarni talab qiladi.

Internetda bunday tekshiruv uchun ko‘plab ochiq va bepul bazalar mavjud. Biroq ular faqat tanlangan nomning band yoki bo‘sh ekanini dastlabki bosqichda aniqlashga yordam beradi.

Huquqshunos Iroda Yakubova Spot’ga biznes uchun nomni mustaqil tanlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi, amaldagi qonunchilik qanday talablarni belgilashi hamda bu jarayon qanday bosqichlardan iborat ekanligi haqida so‘zlab berdi.


biznes, biznesga nom tanlash, iroda yakubova, tovar belgisi

Iroda Yakubova,

TDYU intellektual mulk huquqi sho‘basi professori, yuridik fanlar doktori.

Biznes nomi shunchaki chiroyli eshitiladigan so‘z emas. U mijozning kompaniya haqidagi ilk taassurotini shakllantirib, brendni esda qoldirishga yordam beradi.

Shu sababli nom tanlashda ikki muhim jihatni hisobga olish kerak:

  • marketing;
  • huquqiy talablar.

Marketing nuqtayi nazaridan u qisqa, talaffuzi oson va esda qolarli bo‘lishi kerak. Shuningdek, u kompaniya faoliyatiga mos kelishi va mijozda ijobiy taassurot uyg‘otishi muhim.

Masalan, oziq-ovqat, ta’lim, IT, yuridik xizmatlar, kiyim-kechak yoki kosmetika sohasidagi biznes nomi orqali mijoz uning nima bilan shug‘ullanishini taxmin qila olsa, bu katta ustunlik beradi. Chunki bunday nom odamga kompaniyani tezroq tushunishga va eslab qolishga yordam beradi.

Biroq juda umumiy bo‘lmasligi kerak. Masalan, “Best Service”, “Grand Market” yoki “Universal Group” kabi nomlar bozorda ajralib turmaydi.

biznes, biznesga nom tanlash, iroda yakubova, tovar belgisi

Kompaniyaga nom tanlashda faqat uning chiroyli yoki jozibador ekaniga qarash yetarli emas. Avval nomning marketing jihatdan qanchalik samarali ekanini baholash, keyin esa uning qonunchilik talablariga mosligini tekshirish kerak.

Bundan tashqari, u boshqa kompaniya yoki tovar belgisiga juda o‘xshash bo‘lmasligi, domen nomi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari bo‘sh ekaniga ham e’tibor berish lozim.

Tadbirkorlar orasida eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri nomni faqat reklama va dizayn nuqtayi nazaridan tanlab, huquqiy tekshiruvni keyinga qoldirishdir. Bu esa keyinchalik qo‘shimcha xarajatlar va huquqiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Qaysi so‘zlardan foydalanish mumkin emas?

Biznesga nom tanlashda hamma so‘zlardan ham foydalanib bo‘lmaydi. Quyidagi cheklovlarga e’tibor berish kerak:

  • davlat nomlari va xalqaro tashkilotlar nomlari. Masalan, “O‘zbekiston”, “UN”, “UNESCO” va boshqalar;
  • mashhur tarixiy shaxslar va taniqli insonlarning ism-familiyalari;
  • kompaniya faoliyati yoki maqomi haqida noto‘g‘ri tasavvur beradigan so‘zlar. Masalan, kichik xususiy korxona nomida “milliy markaz”, “davlat agentligi”, “xalqaro universitet”, “bank”, “sug‘urta” kabi so‘zlar bo‘lsa, bu rad etilishi mumkin;
  • haqoratli, kamsituvchi yoki axloq qoidalariga zid iboralar;
  • avval ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya yoki tovar belgilariga juda o‘xshash nomlar. Masalan, “Uzum” o‘rniga “Uzom” kabi variantlar ham o‘xshash deb baholanishi mumkin.

Ayniqsa biznes xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, nomni oldindan boshqa tillarda ham tekshirib chiqish muhim:

  • o‘zbek, rus va ingliz tilidagi ma’nosi;
  • biznes faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan boshqa mamlakatlar tillaridagi ma’nosi.

Ba’zi so‘zlar bir tilda yaxshi eshitilishi mumkin, lekin boshqa tilda kulgili yoki salbiy ma’no berishi ehtimoli bor. Shu oddiy tekshiruv keyinchalik nomni o‘zgartirish va brendni qayta yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarning oldini oladi.

Nomning bo‘sh yoki bandligini aniqlash tartibi

Yangi biznes uchun nom tanlashda uni faqat bitta manbada tekshirish yetarli emas. Chunki, kompaniya nomi, tovar belgisi, domen va ijtimoiy tarmoqlardagi nomlar alohida tizimlarda ro‘yxatdan o‘tadi.

Tanlangan nomdan foydalanish mumkinligiga ishonch hosil qilish uchun quyidagi tekshiruvlarni bajarish kerak:

  1. Kompaniya nomlarini tekshirish. new.birdarcha.uz yoki fo.birdarcha.uz saytlari orqali nomning bo‘sh yoki band ekanini ko‘rish mumkin. Buni mustaqil ravishda yoki Davlat xizmatlari markaziga borib amalga oshirish mumkin.
  2. Mavjud tadbirkorlar bazasidan qidirish. Ro‘yxatdan o‘tib bo‘lgan yuridik shaxslarni my.gov.uz portali orqali tekshirish. Bu tizim amalda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar haqida ma’lumot beradi.
  3. Tovar belgilari reyestrini tekshirish. Chunki siz firma nomi sifatida tanlagan so‘z boshqa shaxs tomonidan tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.
  4. Sayt uchun domenni tekshirish. Biznesingiz sayti uchun .uz domeni bo‘shligini cctld.uz sayti orqali tekshirib olasiz. Band bo‘lsa, keyinchalik sayt ochishda muammo bo‘ladi.

Agar tanlangan nom boshqa kompaniyaniki bilan deyarli bir xil yoki juda o‘xshash bo‘lsa, tizim uni baribir o‘tkazmaydi. Amaldagi tartibga ko‘ra, quyidagi holatlarda ham rad etilishi mumkin:

  • “Firma nomlari to‘g‘risida"gi Qonun talablariga zid bo‘lsa;
  • yoki tizimda boshqa tadbirkor tomonidan allaqachon zaxiraga olingan bo‘lsa.

Nomni oldindan band qilish bosqichlari

Firma nomini ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin uni vaqtincha band qilib qo‘yish mumkin. Bu nomni boshqa birov olib qo‘yishidan saqlaydi. Buning uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish yoki Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali ariza yuborish kerak.

Ariza odatda 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar u mos deb topilsa, to‘lovni amalga oshirish uchun xabarnoma yuboriladi.

Xabarnomadan so‘ng 10 kun ichida to‘lov amalga oshiriladi. Band qilish narxi BHMning 50% ini tashkil etadi (maqola nashr etilgan paytda — 206 ming so‘m). To‘lovdan keyin 1 ish soati ichida nom band qilingani tasdiqlanadi.

Band qilingan holat 60 kun davomida saqlanadi, so‘ng avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi

Kompaniya nomi yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida ko‘rsatiladi. Buning 2 ta yo‘li bor:

  1. Onlayn: internet orqali fo.birdarcha.uz tizimida mustaqil rasmiylashtirasiz. Buning uchun sizga Elektron raqamli imzo (ERI) kerak bo‘ladi.
  2. Oflayn: O‘zingizga yaqin Davlat xizmatlari markaziga borasiz, u yerdagi xodim arizani to‘ldirishga yordam beradi.
MCHJ, YTT yoki oilaviy korxona ochishda davlat boji to‘lanadi. Hozirgi kunda narxlar quyidagicha:
  • DXMga borib ochsangiz BHMning 1 baravari (maqola nashr etilgan paytda — 412 ming so‘m);
  • onlayn ochsangiz davlat 10% chegirma beradi va to‘lov 370 800 so‘mni tashkil etadi.
biznes, biznesga nom tanlash, iroda yakubova, tovar belgisi

Firma nomidan farqli o‘laroq, tovar belgisining, ya’ni brendning aniq amal qilish muddati bor.

Bu borada qonunchilikda ikkita juda muhim qoida belgilangan:

  • 10 yillik muddat. Tovar belgisiga doir guvohnoma Patent idorasiga talabnoma berilgan kundan boshlab 10 yil davomida amal qiladi. Bu muddat tugagach, egasi ariza topshirsa, u yana har safar 10 yilga uzaytirilishi mumkin. Shu tariqa tovar belgisi amalda cheksiz uzaytirib boriladi.
  • 3 yillik ishlatish sharti. Agar ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgisi oxirgi 3 yil davomida uzluksiz ravishda biron marta ham ishlatilmagan bo‘lsa, har qanday manfaatdor shaxs sudga murojaat qilishi mumkin. Sud qarori bilan ushbu brendning amal qilishi muddatidan oldin bekor qilinib, u boshqa birovga berib yuborilishi mumkin.

Bu biznesni to‘liq himoya qiladimi?

To‘g‘ridan to‘g‘ri aytganda: hamma holatda ham yetarli emas. Bu yerda ko‘pchilik tadbirkorlar adashadi.

Firma nomi davlat ro‘yxatidan o‘tganda faqat yuridik shaxsning rasmiy nomi sifatida muhofaza qilinadi. Qonunga ko‘ra, firma nomining huquqiy muhofazasi korxona ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlanadi va yuridik shaxs undan foydalanish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.

Lekin firma nomi va tovar belgisi mutlaqo o‘zaro farq qiluvchi tushunchalardir:

  • Firma nomi — kompaniyaning rasmiy, yuridik nomi (masalan, “ABC GROUP MCHJ”).
  • Tovar belgisi yoki brend — bu tovar yoki xizmatni bozorda raqobatchilardan ajratib turuvchi rasmiy belgi, logotip yoki nom (masalan, mahsulot sotiladigan “ABC” brendi).

Ana shu bozordagi “ABC” nomini huquqiy jihatdan kuchli himoya qilish uchun uni alohida tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak.

Tovar belgisining egasi undan foydalanish va uni tasarruf etish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega. Bu huquq guvohnomada ko‘rsatilgan tovarlar va xizmatlarga nisbatan amal qiladi.

Agar biznes nomi reklama, qadoq, sayt, Instagram yoki ilovalarda ishlatilsa, uni tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan yaxshi. Aks holda, boshqa odam o‘sha nomni oldin ro‘yxatdan o‘tkazib, keyin sizga muammo tug‘dirishi mumkin.

Rebrending: biznes nomini o‘zgartirish va yangilash jarayoni

Ko‘pchilik tadbirkorlar rebrending deganda faqat logotip yoki Instagram’dagi foydalanuvchi nomini almashtirishni tushunishadi. Biroq, agar kompaniyaning rasmiy nomi o‘zgarsa, bu yuridik shaxsning davlat reyestridagi ma’lumotlarini yangilashni talab qiladi. Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • Qaror qabul qilish. Kompaniya ta’sischilari yig‘ilib, firma nomini o‘zgartirish haqida rasmiy qaror qabul qiladi.
  • Hujjatlarni yangilash. Kompaniyaning ustaviga yoki ta’sis hujjatlariga yangi nomga muvofiq o‘zgartirish kiritiladi.
  • Ariza yuborish. Tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish onlayn tizimi yoki Davlat xizmatlari markazi (DXM) orqali qayta ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza beriladi.
  • To‘lovni bajarish. Belgilangan tartibda davlat boji to‘lanadi.
  • Guvohnomani olish. Yangi nom davlat reyestriga kiritiladi va yangilangan ma’lumotlar asosida kompaniyaning yangi guvohnomasi shakllanadi.

Kompaniya nomi o‘zgargani bilan uning eski shartnomalari, bank hisob raqamlari yoki litsenziyalari avtomatik ravishda yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ammo ularni yangi nomga moslashtirish tadbirkorning zimmasida bo‘ladi.

Amalda tadbirkor quyidagi ishlarni qilishi lozim:

  • bankka yangi nom haqida xabar berish;
  • kontragentlar bilan shartnomalarga qo‘shimcha kelishuvlar tuzish;
  • litsenziya yoki ruxsatnomalardagi ma’lumotlarni yangilash;
  • soliq, statistika, kassa, elektron hisob-faktura, muhr, blank, sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni moslashtirish.

Agar tovar belgisi eski nom bilan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, uni alohida ko‘rib chiqish kerak. Ba’zan yangi tovar belgisi uchun yangi talabnoma berish kerak bo‘ladi.

Nomini tanlashdan oldin qaysi bepul platforma va reyestrlarda tekshirsa bo‘ladi?

Buning uchun quyidagi platformalar mavjud:

  1. new.birdarcha.uz / fo.birdarcha.uz — firma nomini tanlash, ro‘yxatdan o‘tkazish va ayrim hollarda nomni band qilib qo‘yish uchun. Ushbu tizim orqali tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amalga oshiriladi.
  2. my.gov.uz — mavjud kompaniyalar va ularning holati bo‘yicha ma’lumot olish mumkin.
  3. Tovar belgilari reyestri — tanlangan nom yoki unga o‘xshash belgining tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini tekshirish mumkin.
  4. cctld.uz — .uz domenlari band yoki bo‘shligini tekshirib ko‘rish mumkin.
  5. Google va Yandex qidiruv tizimlari — tanlangan nom bozorda allaqachon ishlatilayaptimi, boshqa ma’nolarga ega emasmi yoki xorijiy tillarda noqulay talqin qilinmaydimi shuni tekshirish mumkin.