Avvalroq prezident Yashil makon umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda mahallalarning “yashil reytingi"ni joriy etish taklifi ham muhokama qilindi. Bunda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning tutib ketishi va aholining ishtiroki asosiy mezonlar bo‘ladi.
Yuqori natijaga erishgan mahallalarni obodonlashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar va “yashil” loyihalarga maqsadli mikrograntlar ajratish orqali rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi.
Hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda 3−30−300 tamoyiliga asoslangan dasturlarni amalga oshirish taklif etildi. Bunda har bir inson yashash, ishlash yoki o‘qish joyidan kamida uchta daraxtni ko‘ra olishi, aholi yashash hududining kamida 30%i daraxtlar soyasi bilan qoplanishi, uyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi ko‘zda tutiladi.
Ushbu yondashuvlarni turli tabiiy va shaharsozlik sharoitlarida qo‘llash bo‘yicha Toshkent shahrining Yangihayot, Buxoro viloyatining Olot va Samarqand viloyatining Urgut tumanlari uchun ishlab chiqilgan loyihalar taqdim etildi.
Yangihayotda mahalla va jamoat bog‘lari, soya-salqin sayr ko‘chalari hamda sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘"lar barpo etish rejalashtirilgan.
Sizot suvlarini to‘plab, sug‘orishda qayta ishlatish, suv o‘tkazuvchan qoplamalardan foydalanish, organik qoldiqlardan kompost tayyorlash kabi yechimlar nazarda tutilmoqda.
Ko‘kalamzorlashtirish ishlari sanoat tashlanmalarini kamaytirish, havo sifatini avtomatik nazorat qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish bilan birgalikda olib boriladi.
Olot tumanida cho‘l sharoitiga mos, suvni kam talab qiladigan o‘simliklar hisobiga yashil qoplamani kengaytirishga eʼtibor qaratiladi. Mahalliy ko‘chatchilikni rivojlantirish, dendrologiya bog‘i va sho‘rga chidamli o‘simliklar bog‘ini tashkil etish, yo‘l va kanallar bo‘yida himoya daraxtzorlarini barpo qilish taklif etilgan.
Urgutda tog‘ va tog‘oldi hududlariga mos ko‘kalamzorlashtirish, dendrologiya bog‘i va jamoat parklarini yaratish, sanoat zonasi hamda temir yo‘l atrofida “yashil belbog‘"lar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘ida mahalliy daraxt va buta urug‘lari asosida tabiiy o‘simlik qoplamini tiklash choralari ham ko‘riladi.
Loyihaning ilmiy taʼminotini kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlarga mos sog‘lom ko‘chatlarni ko‘paytirish uchun in-vitro laboratoriyalari va zamonaviy ko‘chatxonalarni tashkil etish, suvni ko‘p talab qiladigan manzarali gazonlarni bosqichma-bosqich qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bilan almashtirish takliflari bildirildi.
Yashil AI modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan. Sunʼiy intellekt yordamida tuproq, iqlim va suv taʼminoti tahlil qilinib, ko‘chat ekish uchun maqbul maydonlar va daraxt turlari bo‘yicha tavsiyalar shakllantiriladi.
Ko‘chatlarning qurishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlash, masʼullarni ogohlantirish hamda natijalarni yagona xaritada ochiq kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va bu yo‘nalishda xalqaro grantlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Cho‘l hududlaridagi yer resurslari va dorivor o‘simliklar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xususiy sektor ishtirokida yaylovlarda qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni boshlash zarurligi taʼkidlandi. 2027-yil 1-iyulga qadar har bir hududda shunday namunaviy loyihani yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Mutasaddilarga taqdim etilgan takliflarni bildirilgan fikrlar asosida takomillashtirish, mahallalarda daraxt ekish va parvarishlash madaniyatini yuksaltirish, yashil hududlarni saqlash bo‘yicha masʼuliyat va nazoratni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Spot, avvalroq, endi Soliq ilovasida keshbekni daraxt ekishga yo‘naltirish mumkinligi haqida yozgandi.