Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir ma’lumotlar bir xil darajada himoya qilinishini ta’minlovchi chet davlatlar ro‘yxatini tasdiqladi.

Yangi tartib “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonuni asosida qabul qilinib, shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatishda yagona yondashuvni joriy etishga qaratilgan.

Unga ko‘ra, ro‘yxatga jami 49 ta mamlakat kiritilgan bo‘lib, ularga xalqaro kelishuvlar asosida ishlovchi axborot tizimlari orqali shaxsga doir va egasizlantirilgan ma’lumotlarni qo‘shimcha ruxsatsiz hamda vakolatli organni xabardor qilmasdan uzatish mumkin bo‘ladi. Bunda ma’lumotlar tarqalib ketishining oldini olish choralari ko‘rilishi shart.

Ro‘yxatga kiritilmagan davlatlarga esa shaxsga doir ma’lumotlarni uzatish faqat operator yoki ma’lumotlar bazasi mulkdori Migratsiya va personallashtirish departamenti belgilaydigan huquqiy, tashkiliy va texnik talablarni bajargan taqdirda amalga oshiriladi.

Qaror bilan yana bir muhim talab ham joriy etildi. Agar transchegaraviy uzatish jarayonida shaxsga doir ma’lumotlar tarqalib ketgani aniqlansa, operator bu haqda 24 soat ichida departamentga xabar berishi kerak. Shuningdek, 72 soat ichida hodisa sabablari va uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida batafsil axborot taqdim etishi shart.

Bundan tashqari, ro‘yxatga davlatlarni kiritish yoki undan chiqarish bo‘yicha takliflarni tayyorlash departamentga yuklatildi. Idora bir hafta ichida tasdiqlangan ro‘yxatni o‘zining rasmiy saytida e’lon qilishi kerak. Unda quyidagi davlatlar kiritilgan:


Davlat

Davlat
1Avstriya26Lixtenshteyn
2AQSH27Lyuksemburg
3Andorra28Malta
4Argentina29Men oroli (Buyuk Britaniya)
5Belgiya30Niderlandiya
6Bolgariya31Norvegiya
7Braziliya32Polsha
8Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan qirolligi33Portugaliya
9Vengriya34Rossiya
10Germaniya35Ruminiya
11Gernsi (Buyuk Britaniya)36Singapur
12Gonkong (Xitoyning maxsus ma’muriy hududi)37Slovakiya
13Gretsiya38Sloveniya
14Daniya39Urugvay
15Jersi (Buyuk Britaniya)40Farer orollari (Daniya)
16Irlandiya41Finlyandiya
17Ispaniya42Fransiya
18Islandiya43Xorvatiya
19Isroil44Chexiya
20Italiya45Shveytsariya
21Kanada46Shvetsiya
22Kipr47Estoniya
23Koreya48Yangi Zelandiya
24Latviya49Yaponiya
25Litva

Tashqi ishlar vazirligi uch oy ichida O‘zbekistonning 1981-yilda Stratsburgda qabul qilingan shaxsga doir ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlashda jismoniy shaxslarni himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi hamda O‘zbekistonni boshqa davlatlarning shaxsga doir ma’lumotlar himoya qilinishini ta’minlovchi davlatlar ro‘yxatiga kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.

Shuningdek, IIV Raqamli texnologiyalar vazirligi, DXX va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan birgalikda uch oy ichida ro‘yxatga kiritilmagan davlatlarga ma’lumot uzatishda qo‘llaniladigan standart shartnomaviy shartlar va majburiy korporativ qoidalarga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlaydi.

Avvalroq Spot pasport va ID-kartani yo‘qotganlik uchun jarimani bekor qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.