Avvalroq Spot prezidentning 15-iyuldagi qarori bilan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini yaxshilash hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish choralari belgilangani haqida yozgan edi.
O‘zbekiston fuqarolari pasporti, ID-kartasi yoki xorijga chiqish biometrik pasporti, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el fuqarolarining ID-kartasi (yashash guvohnomasi) yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelganida ularni ma’muriy javobgarlikka tortmasdan qayta rasmiylashtirishni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bunda fuqarolar faqat qo‘shimcha miqdordagi davlat bojini to‘lagan holda yangi hujjatni rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini 2026-yil oktabr oyiga qadar Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 1-oktabrdan boshlab fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi kabi asosiy ma’lumotlari o‘zgarganda, bu haqda davlat organlariga alohida ariza berish shart bo‘lmaydi. Tegishli o‘zgarishlar davlat tizimlarida avtomatik tarzda, idoralararo elektron hamkorlik orqali amalga oshiriladi.
Fuqaroning shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirgan adliya organi bu haqdagi xabarni Elektron hukumat tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali boshqa davlat organlariga uzatadi. O‘z navbatida, mazkur ma’lumotlar bilan ishlaydigan tizimlar hujjatlarga fuqaroning qo‘shimcha arizasisiz o‘zgartirish kiritadi.
Fuqaro o‘z ma’lumotlari o‘zgarganligi haqida Yagona portal orqali real vaqt rejimida xabardor qilinadi, shu asosda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar ham qayta rasmiylashtirib beriladi.
Bunda birlamchi ma’lumotlar o‘zgarganda quyidagi ma’lumot avtomatik yangilanadi:
- ID-karta va yo‘l harakati xavfsizligi tizimlaridagi ma’lumotlar;
- avtotransport mulkdorligi haqidagi yozuvlar;
- maktab shahodatnomasi;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik guvohnomasi ma’lumotlari;
- jismoniy shaxs yoki YTTga beriladigan litsenziya, ruxsatnoma va xabarnoma ma’lumotlari;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxs guvohnomasi ma’lumotlari;
- soliq to‘lovchining identifikatsiyalash tizimi ma’lumotlari;
- o‘rta maxsus va oliy ta’lim diplomlari;
- Yagina milliy mehnat tizimidagi ma’lumotlar;
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning reyestri ma’lumotlari.
Avvalroq Spot kredit va nasiya reklamalarida joriy to‘lov va yakuniy qiymat qancha bo‘lishi majburiy ko‘rsatilishi haqida yozgan edi.