Avvalroq prezident davlat xizmatlarini yaxshilash va aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga doir chora-tadbirlarni tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, qarorda moliyaviy xizmatlar reklamasi uchun bir qator yangi talablar ko‘zda tutilgan. Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank va boshqa davlat organlari bilan birgalikda 1-sentabrga qadar tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi lozim.

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun kredit, muddatli to‘lov va nasiyaga oid har qanday reklamada tovar (ish, xizmat)ning joriy qiymatiga nisbatan qancha summa qo‘shib to‘lanishi hamda uning yakuniy qiymati to‘g‘risidagi ma‘lumotlar bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborotda, agar tegishli shartnoma tuzilayotgan paytda aniqlash mumkin bo‘lmasa, reklama qilinayotgan xizmatlarning kelgusidagi samaradorligi bo‘yicha kafolat yoki va‘dalar bo‘lmasligi kerak.

Markaziy bank va Adliya vazirligi mikrokredit shartnomalarining birinchi qismida asosiy matnning kamida 30%ini egallaydigan ogohlantiruvchi matnni joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqadi.

Shuningdek, mikrokredit reklama materiallarida salbiy oqibatlar haqidagi ogohlantirishlarni majburiy joylashtirish nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, isteʼmolchini chalg‘ituvchi deb topilgan kredit mahsulotlarini vaqtinchalik yoki doimiy taqiqlash amaliyoti joriy etiladi.

2025-yil sentyabr oyida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste‘molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari Bahodir Mirzayev kreditlar reklamasida majburiy ogohlantirishlar joriy etilishi rejalashtirilayotganini ma‘lum qilgandi.

Regulyator “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga iste‘molchilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlarga oid o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgan.

Tashabbus reklamada kelgusi xarajatlar va moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq xavflarni eslatib o‘tishni nazarda tutadi. Masalan, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik kredit tarixiga putur yetkazishi, yangi kreditlar olishni qiyinlashtirishi yoki foiz stavkasini oshirish orqali ularning shartlarini yomonlashtirishi mumkin.

“Hozir biz loyihani ishlab chiqish bosqichidamiz va reklamada qanday xavflarni oshkor qilish kerakligini puxta o‘rganib chiqamiz. Joriy yil oxirigacha o‘zgartirishlarni qonun loyihasi sifatida taklif etamiz”, — deb bayonot berdi u.

Raqobat qo‘mitasi oktyabr oyida Markaziy bank bilan hamkorlikda kredit reklamalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytiruvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishini e‘lon qilgan edi. Material maydonining yoki xabar davomiyligining kamida 10% ini xavflar to‘g‘risidagi ogohlantirishlar egallashi kerak.

Qonunchilik palatasi joriy yilning mart oyida moliyaviy xizmatlar reklamasini tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda qabul qilgandi.

Spot, avvalroq, 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkiloti chalg‘ituvchi reklama uchun jarimaga tortilgani haqida yozgandi.