Hukumat qarori bilan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalari buzilishi holatlari haqida xabar berishning yangi tartibi joriy etilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan xavfli ishlab chiqarish obyektlari hamda texnik qurilmalardan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqidagi foto va videomateriallar Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga yuborilishi mumkin bo‘ladi.
Taqdim etilgan materiallarda huquqbuzarlikning mohiyati aniq ko‘rinishi, shuningdek, sodir etilgan joy, sana va vaqt haqidagi maʼlumotlar bo‘lishi lozim.
Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi masʼul xodimi axborot tizimi orqali kelib tushgan materiallarni 3 ish kuni ichida joyiga chiqqan holda o‘rganadi.
Shundan so‘ng, qonunchilikka muvofiq maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, dalillar rasmiylashtiriladi hamda tegishli qaror qabul qilinadi.
Qoidabuzarlik haqida foto yoki video yuborgan shaxs undirilgan jarimaning qo‘mitaga o‘tkazilgan qismining 20% miqdorida pul mukofoti oladi.
Spot, avvalroq, endi soliq qarzdorligi bo‘yicha penya miqdori asosiy qarzdan oshirilmasligi haqida yozgandi.